Mizrob mashara (1848-1918, Shahrisabz tumani Vordon qishlogʻi) — oʻzbek anʼanaviy teatrining atoqli namoyandasi. Boboyor masharabozga ergashgan. 1878-yilda oʻz toʻdasini tuzgan. Toʻdada Muhammad Diyor, Muhammad Nazar, Buta daroz, Turdiali masharabozlar, Mavloncha, Muhammadali degan raqqoslar, Avazmurod (doirachi), Ergash surnaychi, Roʻzi karnaychi kabi mashshoqlar uyushgan. Mizrob mashara usta badihagoʻy boʻlib, koʻplab ogʻzaki komediyalar, muqallidlar yaratgan. "Xirmon koʻtarish" komediyasi shu jumladandir. Unda dehqon undirgan hosilning amaldorlar tomonidan talontoroj qilinishi temperaturagikomediya vositalarida fosh qilinadi. Eshoni rais (shu nomli asar), qashshoq dehqon ("Xirmon koʻtarish"), sartarosh (shu nomli asar), aqlli xizmatkor ("Navcha va ogʻolik") va boshqa rollari bilan tanilgan. Shuningdek, kuldiruvchi, baʼzan yigʻlatuvchi hajviy ashula va oʻyinlari ham mashhur. Qahramonlari xulq-atvorini boʻrttirma soʻz va harakatlar vositasida aks ettirib, hayotiy tiplar yaratish, baʼzi oʻrinlarda psixologik his-tuygʻularni ishga solish Mizrob mashara ijodiga xosdir. Berdiyor Diyorov (1884—1968), Tursunbobo Xoliqov (1893—1966) kabi masharabozlar Mizrob mashara anʼanalarini davom ettirdilar.

Muhsin Qodirov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil