Moyboʻyoq rassomligi - badiiy moybuyoklarda (baʼzan lok ham ishlatib) yaratiladigan rangtasvir turi. Bunda boʻyoq neorganik pigmentlarni oqartirilgan zigʻir moyida (baʼzan yongʻoq va kungaboqar moyi qoʻshiladi) iylanib hosil qilinadi. Moyboʻyoq bilan, asosan, maxsus grunt (dastgoh Moybuyoq rassomligida) yoki ohakdi suvoq (mahobatli Moybuyoq rassomligida) bilan qoplangan matoga, shuningdek, karton, yogʻoch, metallga ishlanadi. Moybuyoq rassomligi tasvir usulining ifodaliligi va dinamikasi bilan boshqa rassomlik texnikalaridan ajralib turadi. Tekis yuzada hajm va kenglik tasavvurini yaratish, boy ranglar taassurotini va tuslar nafisligini koʻproq hosil qilish imkonini beradi. Moybuyoq rassomligi texnika usullari xilma-xil: qoplama (xira) va lessirovkali (shaffof), qobiqli (quyuq) va fakturali (rel-yefli), nafis va silliq qilib boʻyoq berish mumkin. 19-asr boshigacha kartina sirtini lok aralashmali boʻyoq bilan koʻp qatlamli (bir necha bor) boʻyash va soʻnggi boʻyash asosiga qurilgan. Moybuyoq rassomligi uchun 19-asr boshidan toza gruntga yoki yupqa rangli yoki tusli xomaki boʻyoq ustiga alla prima (tez surʼatda dadil) boʻyoq yotqizish koʻproq harakterli; lok kam ishlatiladi. Moybuyoq rassomligi haqidagi ayrim yozma maʼlumotlar antik davr va oʻrta asrlarda yaratilgan qoʻlyozmalarda uchraydi. 15-asr 1-yarmida Ya. van Eyk tomonidan takomillashtirilgan dast-gohli Moybuyoq rassomligi keng tarqaldi, 16-asrdan u rassomlik sanʼatining yetakchi texnikasiga aylandi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil