Muʼiniddin Natanziy (14-a 2-yarmi — 15-asr boshi) — tarixchi olim. Eronning Isfahon viloyatidagi Natanz qasabasidan. Davlatshoh Samarqandiynint "Tazkirat ush-shuaro" ("Shoirlar tazkirasi") asarida yozishicha, 15-asr boshlarida Sherozda Mirzo Iskandar saroyida Haydar Xorazmiy, Hofiz Xorazmiy kabi shoirlar bilan birga M.N. ham yashab, ijod qilgan. 1414-yildan Hirotda yashagan. Bizgacha M.N.ning fors tilida yozilgan "Muntaxab uttavorixi Muʼiniy" ("Muʼiniyning saylanma tarixi") nomli asari yetib kelgan. Bu asar eng qad. zamonlardan Amir Temur vafotigacha boʻlgan davrdagi Markaziy Osiyo va boshqa bir qator oʻlkalar tarixiga bagʻishlangan.

"Muntaxab uttavorixi Muʼiniy"ning qoʻlyozma nusxalari Angliya, Fransiya, Rossiya va Eron kutubxonalarida saqlanadi. Asarning ilmiy jihatdan ahamiyatli boʻlgan soʻnggi qismlari (asosan, 13—14-asrlar tarixi) matni fransuz sharqshunosi Jan Oben tarafidan 1957-yilda Tehronda chop qilingan. Shuningdek, asardan ayrim parchalar fransuz, rus va oʻzbek tillariga tarjima qilinib, turli toʻplamlarda nashr etilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • Ahmedov B. A., Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991;
  • Amir Temur va Ulugʻbek zamondoshlari xotirasida, T., 1996;
  • Amir Temur jahon tarixida [2nashri], T., 2001.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil