Muhammad Sodiq Qoshgʻariy (Qashqariy) (1740—Qashqar — 1849) — tarixchi, faylasuf, tilshu-nos olim, adib va shoir. Qashqardagi "Sochiya" madrasasida dunyoviy va diniy ilmlar, arab, fors tillari, sharq mumtoz adabiyotini mukammal egallagan. M.S.K. "Tazkirai azizon" ("Azizlar tazkirasi") (1768-69), 1844-yilda yozilgan "Tazkirai Ashob ul-qahf" ("Gʻor egalari tazkirasi") va "Risolai kasbdor" ("Kosiblar risolasi") kabi asarlar muallifi. "Tazkirai azizon" da Maxdumi Aʼzam va uning avlodlarining Sharqiy Turkiston — Yorkend xonligi (1465—1759) dagi fa-oliyati, Yorkend xonligining 16—18-asrdagi siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniyat tarixini yoritib bergan. Asarda Naqshbandiya tariqati vakillari va ularning tariqatlari toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar berilgan. M.S.K. falsafa va pedagogikaga oid asarlar ham yozgan. M.S.K. tilshunos olim va usta tarjimon. Tabariyning "Tarixi Tabariy" hamda Muhammad Haydarnnng "Tarixi Rashidiy" asarlarini fors tilidan turk (uygʻur) tiliga tarjima qilgan. Tarixiy asarlarning turkiy tarjimasi Markaziy Osiyo, Turkiston, Kavkaz, Kaspiy dengizining jan. etagi, Tibet, Shimoliy Hindiston va Afgʻonistonda yashayotgan xalqlar tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. M.S.K. "Sodiq" taxallusi bilan turk va fors tillarida gʻazal, muhammas, ruboiy, masnaviy, qitʼalar yaratgan. M.S.K. adib sifatida oʻz zamonasida yashab ijod etgan yozuvchi, shoirlar ijodi haqida bizga yangi-yangi maʼlumotlar beradi. Oʻsha qimmatli maʼlumotlar asosida uygʻur mumtoz adabiyoti tarixi yangi namoyandalar bilan toʻldirildi. M.S.K. Qashqardagi Yusuf Xos Hojib maqbarasi oldidagi "Oq mozor" qabristoniga dafn etilgan.

Omonbek Jalilov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil