Muhiddin qiziq Darveshov (1938.26.2 — Buvayda tumani — 1995.25.9) — qiziqchi. Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini tugatgan (1959). Tesha qiziq Komilov va Oxunjon qiziq Huzurjonovlarga ergashib, "Sartarosh", "Samolyot", "Ichkilikning oqibati"; "Ashulachining kaltak yeyishi" kulki-xikoyalarni ijro etgan. Hayotiy voqealar asosida oʻzi mustaqil kulkihikoya, latifa va hangomalar toʻqib ijro etgan. Muhiddin qiziq Darveshov repertuari ni-hoyatda boy boʻlib, u garchi asosan kulki-hikoya, latifa va hangoma janrlarida ijod qilgan boʻlsada, oʻz chiqishlarida ularni birbiriga bogʻlab namoyish etishi tufayli quyidagi dastur-turkumlar yaratgan: 1) oʻz hayoti hamda ustoz qiziqlar hayotidan olingan hangomalarni hikoya qilish; 2) ustoz qiziqlar hayotidan olingan kulkihikoya va latifalarni ijro etish; 3) Abdurayim dovdir va Mamarayim erkak sarguzashtlari; 4) hayotiy voqealardan soʻzlash, latifalar aytish. Har bir turkum qahramoni qiyofasiga bir zumda kira olish, soʻzlarni salmoklab, chertib-chertib aytish, koʻzlari, qoshlarini oʻynatib, qoʻllarni harakatga keltirish, lahzalarda boʻlsada, hikoyada soʻz borayotgan turli qiyofalarda gavdalanish, har safar ajib bir tomosha yaratish Muhiddin qiziq Darveshov ijodiga xos. "Telefon", "Futbol", "Shaxmat", "Bedana" payrovlarida tortishgan. Askiyani voqeaband qilib qurishga usta boʻlgan ("Kelinkuyov", "Shifokor va bemor" payrovlari). 1986-yilda Buvayda tumani madaniyat uyi qoshida "Qahqaxa" guruhini tashkil etgan. 1967-yil xalq ijodiyoti koʻrigi, 1984, 1986, 1988-yillarda askiyachi va qiziqchilarning respublika koʻriktanlovining gʻolibi. Qiziqchilardan Rustam Hamroqulov, Hojiboy Tojiboyev, Bahodir Shokirov, Abdulla Akbarov, Abdurahmon Siddiqovlar Muhiddin qiziq Darveshovning shogirdlaridir.

Muhsin Qodirov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil