Balzamlash, mumiyolash — murda yoki uning ayrim aʼzolari va toʻqimalarini chiritmaydigan qilib uzoq saqlash usuli. Buning uchun jasadga chirituvchi mikroblarni oʻldiradigan maxsus antiseptik moddalar shimdiriladi. Odatda tibbiyot oʻquv yurti talabalariga koʻrsatish, ilmiy tadqiqot olib borish, murdani uzoq, masofaga yetkazib berish zaruriyati tugʻilganda, shuningdek mashhur kishilar jasadi balzamlanadi. B. qadimdan maʼlum, dastlab Misrda qoʻllanilgan; ular B. vositalariga xushboʻy modda — balzam ham qoʻshib ishlatganlar (balzamlash nomi shundan olingan). Ilgari murdaning boshi, koʻkrak, qorin boʻshliqlarini turli tuz eritmalari bilan toʻldirganlar. 16 — 17-asrlarda Yevropada har xil kimyoviy moddalar aralashgan eritmalar keng qoʻllanilgan. B. uchun koʻproq formalin (formaldegidning 40%li eritmasi), etil spirti, sirka kislota va boshqa qoʻllaniladi. Tomirga formalin yuborib, murda yoki aʼzo ana shu eritmaga solib qoʻyilsa, uzoq turadi (formalin toʻqimalarni mustahkam tutib, bakteriyalarning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaydi). Sud tibbiyotida B. uchun koʻpincha barobar miqdordagi spirt va formalin eritmasi ishlatiladi.

B.ning ancha mukammal usullari ham bor.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil