Mumtoz raqs — oʻzbek milliy raqs turkumi; avloddan-avlodga o'tib, sayqal topib, asosan professional raqs ustalari tomonidan ijro etib kelingan, shakli va harakatlari tartiblashgan raqslar. Mavzu ramziy vositalar, timsollar va shartli-umumlashma harakatlar bilan ifoda qilinishi, illyustrativ harakatlar, maishiy unsurlar deyarli ishlatilmasligi mumtoz raqsning eng muhim xususiyatidir. Mumtoz raqs markazida — inson, uning ehtiroslari, his-tuygʻulari turadi. Mumtoz raqs bir kishi yoki guruh bulib ijro etiladi. Tarkibiga quyidagilarni kiritish mumkin: 1) maqom raqsi (maqom ohanglarida ijro etiladigan raqslar); 2) katta oʻyin (Fargʻona raqslari); 3) sozanda va mavrigixonlarning raqslari; 4) lazgi (Xorazm turkum raqslari). Oʻzbekiston hududida Mumtoz raqs islomgacha boʻlgan davrlardayoq (I-VII asrlar) shakllangan. Buxoro, Samarqand, Toshkent va Shahrisabzdan chiqqan raqqosalarning Xitoy imperatori saroyida Mumtoz raqslarni namoyish etganligi haqida maʼlumotlar saqlangan. Uygʻonish davrida (IX-XII asrlar), ayniqsa Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida Mumtoz raqs ravnaq topdi. XX asrda zamonaviy sahnalarda namoyish qilina boshladi. Bunda Mirza Hamdam. Makaylik (Usta Muhammadxon), Tamaraxonim, Mahkam hofiz, Mukarrama Turgʻunboyeva va boshqalarning xizmatlari katta. "Dilxiroj", "Pilla", "Rohat", "Tanavor", "Bahor" kabi sahnaviy raqslarni mumtoz raqs tushunchasiga kiritish mumkin.

Adabiyot tahrir

  • Avdeyeva L., Oʻzbek milliy raqsi tarixidan, T., 2001.

Muhsin Qodirov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil