Mushkulkushod
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Mushkulkushod, Bibi Mushkulkushod – oʻzbek xalqi hayotida uzoq davrlardan buyon yashab keladigan odatlardan biri. Bu odat oʻzbek xalqi orasida Bibi Seshanba, Bibi Fotima kabi nomlar bilan ham mashhur.
Tarixiy manbalarda
tahrirBir necha tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Bibi seshanba kelib chiqish mohiyatiga koʻra, maʼbuda ramzi boʻlib, uning ildizi Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharqda Islom dini kelguniga qadar keng yoyilgan maʼbuda Anaxita (Nohid)ga borib taqaladi. Anaxita dehqonchilik va chorvachilik, hosildorlik va pishiqchilik maʼbudasi hisoblanib, goʻyo uning qudratiga inson va hayvonlar, qushlar va barcha jonivorlar ham boʻysungan, deb hisoblanar edi. Shu tariqau Bibi mushkul kushod, yaʼni kishini har qanday mushkuldan xalos etuvchi Ona obraziga aylangan.
Boshqa bir manbada keltirishicha, marosim koʻpgina turk xalqlari orasida keng tarqalgan. Turkiston hududlarida Bibi Seshanba, Turkiyada Payshanba qari (Peyshenbe-kari) yoki Parshamba pari, Eronda Bibi-hur va Bibi Nur, Afgʻonistonda Bibi Risinda, Bibi Charxi, uygʻurlarda esa Seshamba Bibi deb atalgan.
Mamlakatimizning turli hududlarida Bibi Seshanba (Seshanba ona) marosimi seshanba kunlari otinoyi boshchiligida oʻtkaziladi. Oʻzbek va tojik xalqlarida Bibi Seshanba oilaviy baxt, tikuvchi va yigiruvchi ayollar homiysi ramzidir. Odatga koʻra, marosim turmushga chiqmagan qizi bor xonadonlarda ayollar tomonidan oʻtkazilgan. Bunda albatta umoch oshi (xamir ovqat), 7 ta chalpak (yogʻda pishiriladigan yupqa non), 7 ta obi non, suyuq va quyuq taomlar pishirilgan. Shuningdek, 2 ta shamdan ham foydalanilgan.
Marosimga qadar xonadonning toʻrt burchagiga likopchaga un solib qoʻyilgan. Baʼzi hududlarda xamir rayhon solingan suvdan tayyorlangan. Bu birinchidan, rayhon jannat oʻsimligi deb hisoblangani bilan, ikkinchidan, taomga xushboʻy hid berishi bilan bogʻlangan.
Marosimning asosiy ramzlaridan biri supra hisoblangan. Suprada un elash bilan bogʻliq turli odatlar bajarilgan. Bunday marosimlarda xonadon erkaklari ishtirok etmaydi. Ishtirok etuvchi ayollar soni chegaralanmagan. Otinoyga oq roʻmolcha, shirinliklar, pul sovgʻa qilingan.[1]
Bid’at
tahrirBibi Fotima Muhammad (s.a.v) ning qizlari nomi bilan bogʻliqligiga ishonilsa-da, „Bibi Mushkulkushod“ degan nomli qissa Islom dinida yoʻq narsa, mumkin emas narsa deb hisoblanadi. Islom dinida mushkulni kushod qiluvchi yaʼniki, bandaning boshiga tushgan ogʻirlikni yengil qiluvchi, mushkul ishlarni kushoyish aylovchi zot Alloh taoloning oʻzi hisoblanadi.[2]
Bibi Mushkulkushod va Bibi Seshanbalar esa musulmon xotin-qizlar tasavvurida kishilarning mushkulini oson qiladigan avliyo xotinlar sanalgan. Qadimdan otinoyilar, „koʻzi ochiq“ ayollar mushkulkushod marosimini oʻtkazganlar. Boshiga mushkul tushgan ayol (oilada biror falokat, bemorlik boʻlsa) mahallaning otinoyisiga ikkita issiq non, ikki hovuch qora mayiz, ikkita pilta (paxta) chiroq, bir tanga keltirib shu oila himoyasiga Bibi Mushkulkushoddan madad soʻrab tilovat oʻqittirilgan. Bu marosim har chorshanba kuni oʻtkazilgan. Chunki afsonaga koʻra, Hazrat Bahouddin Naqshbandning xolalari oʻrogʻini yoʻqotgan oʻtinchiga yordam berib har chorshanba kunlari bu ilohiy ayolni eslab, is-chiroq qilishi lozimligini tayinlagan. Shundan buyon Bibi Mushkulkushod ruhiga bagʻishlangan marosim faqat Chorshanba kunlari oʻtkazilib kelingan[3].
Bibi Seshanba esa oila baxtining himoyachisi sanalgan. Bibi Seshanba marosimi ham ayollarning diniy urf-odati boʻlib, seshanba kunlari oʻtkazilgan. Qur’onning maʼlum suralari yodlanib, amr-u maʼruf, diniy qonun qoidalar, hadislar oʻqilgan eslatilgan. Bibi Seshanba odatida Mushkulkushodga nisbatan koʻpchilikni tashkil etgan. Bibi Seshanbalarda paygʻambar alayhissalomning qizlari Bibi Fotima hayotidan turli rivoyat-u hikoyatlar, ibratli voqea-hodisalar hikoya qilib berilgan. Shunday rivoyatlarning birida aytilishicha, Bibi Fotima shunchalik mehribon, saxovatli va koʻngilchan boʻlgan ekanlarki, hatto supra yoyib, non qilishga oʻtirganlarida to xamir qorib non yopgunlaricha suprani turli qushlar, kabutarlar oʻrab olib, unni choʻqishib, isteʼmol qilisharkan. Bibi Fotima ularning bu yoqimli mashgʻulotiga xalaqit bermas ekanlar. Bir gal tagʻin shu mashgʻulot bilan ovora boʻlganlarida otalari Muhammad alayhissalom shoshiltirib ummatlari uchun tezroq non yopishlarini talab qilib qolibdilar. Bibi Fotima qush-u kabutarlarni supra ustidan nechogʻlik haydamasinlar, ular nari siljishmasmish. Shunda Bibi Fotima qoʻllaridagi xamir chakichi bilan bir qushning koʻkragiga sekin turtibdilar. Bu Bibi Fotimaning sevimli parrandalari – beozor musicha boʻlib, shundan bu qushning koʻkragida chakich oʻrni bir toʻp xol boʻlib qolgan ekan… Shu sababdan boʻlsa kerak, baʼzi joylarda musichani Bibi Fotima deb ham atashadi. Bibi Mushkulkushod, Bibi Seshanba odatlari ayollar diniy marosimi sifatida xayr-sadaqa, xudoyi odatlariga yaqin boʻlib, islom dini aqidalaridan biri sifatida yashab kelayotir[4].
Manbalar
tahrir- ↑ „“Биби сешанба” ва “Мушкулкушод” Исломда борми?“.
- ↑ https://islom.uz/maqola/4117
- ↑ Mahmud, Sattor. O'zbek udumlari. Toshkent: "Adolat", 2004 — 177-178-bet.
- ↑ Mahmud, Sattor. O'zbek udumlari. Toshkent: "Adolat", 2004 — 179-bet.