Muskul toʻqimasi - muskullarning asosiy qismini tashkil etib, ularning qisqarishini taʼminlaydigan maxsus ingichka tolalar. Uning asosiy qisqaruvchi elementi miofibrillarshr. Muskul toʻqimasi oraliq pardalar bilan oʻzaro birlashib alohida muskulni hosil qiladi, ularning sirti ham alohida parda bilan oʻralgan boʻladi.

Organizmdagi barcha Muskul toʻqimasi tuzilishiga qarab silliq Muskul toʻqimasi, koʻndalang targʻil Muskul toʻqimasi va yurak Muskul toʻqimasiga ajratiladi. Silliq Muskul toʻqimasi bir yadroli duksimon tuzilishga ega; mezenximadan (teri, meʼda-ichak devorlari, siydiktanosil aʼzolari, kon tomirlar Muskul toʻqimasi) va ektodermadan (soʻlak, ter va sut bezlari Muskul toʻqimasi) rivojlanadi. Koʻndalangtargʻil Muskul toʻqimasi koʻp yadroli muskul tolasidan tuzilgan boʻlib, skelet va yurak muskulidan iborat; ontogenezda mezodermadan rivojlanadi. Yurak Muskul toʻqimasi (miokard) koʻndalangtargʻil muskul tolalaridan tuzilgan boʻlsa ham gʻayriixtiyoriy qisqaradi. Muskul toʻqimasining vazifasi harakat elementlarining qisqarishidan iborat. Muskul toʻqimasida qisqaruvchi tuzilma (miofibrillar), trofik tuzilma (hujayra yadrosi va organellalari), muskul elementlarining qobigʻi hamda telofragmalardan iborat tayanch tuzilma farq qilinadi. Barcha muskul toʻqimalarida maxsus nerv oxirlari boʻlib, ular toʻqimaga nerv sistemasidan harakat impulslarini olib keladi va unda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida markaziy nerv sistemasiga maʼlumot berib turadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil