Mutrib Xonaxarobiy (taxallusi; asl ismi Muhammad Hasan Hoji Tabib oʻgʻli), (1865-Xiva-1925) -shoir. Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida tahsil olgan. Maqomchi bastakor sifatida ham mashhur boʻlgan (Mutrib—sozanda, taxallusi shundan). M. X.ning serqirra iqtidorini yuqori baholagan Feruz uni saroyga jalb etib, devonbegilik vazifasiga tayinlagan. Bu yillarda M. X. yozgan gʻazal va muxammaslar koʻplab bayoz, majmualardan oʻrin olgan, jumladan, Tabibiy tuzgan ikkala tazkirada shoir asarlaridan koʻplab namunalar uchraydi. M. X. 20-asrning 20-yillarida saroy tugatilgach, Xorazmda paydo boʻlgan mahalliy matbuotda faol ishtirok etadi, "Xorazm xabarlari", "Inqilob quyoshi" gaz.larida adabiy xodim lavozimida xizmat qiladi. Ilk sheʼrlarini 1890-yilda yoza boshlagan. Uning bayoz, devon va majmualar orqali 16 ming misraga yaqin gʻazal, muxammas, musaddas, qasidalardan iborat adabiy merosi yetib kelgan.

M. X. qoldirgan ijodiy meros asosini ishq-muhabbat mavzuida bitilgan gʻazal, murabba, masnaviy, muxammas, musaddas va ruboiylar tashkil etadi. Uning xon va shoir Feruz shaʼniga bagʻishlangan qasidalari ham mavjud. M. X.ning ilm-maʼrifatga daʼvat, hurriyat mavzularida yozilgan sheʼrlari mahalliy matbuot sahifalarida, shuningdek, Xivada 1923-yilda nashr etilgan „Oʻzbekcha inqilob sheʼrlari yigʻurmi“ toʻplamida chop etilgan. Bu turkum sheʼrlarida („Koʻrung emdi xaloyiqqa…“, „Bilinglar, ey xaloyiq“, „Koʻngluma bir turfa soʻz keldi ravon“ va boshqalar) targʻibiy-tashviqiy ruh, xitob, daʼvat ohanglari hukmronlik qiladi. Ammo mazkur toʻplam hozirgi vaqtgacha topilmagan.

M. X. merosining asosiy qismi 1909-yilda Muhammad Sharif ibn Muhammad Yoqub – Xarrot tartib bergan devon (300 sahifa)da jamlangan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida shoir devoni (inv. № 903/V, 906/VII, 2679/II) inventar raqamlari ostida saqlanadi.[1] Laffasiyning Feruz davridagi xorazmlik ijodkorlarga bagʻishlangan „Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari“ nomli qoʻlyozma tazkirasida M. X.ga oid maʼlumotlar, xususan, uning tanburni maromida chala olishi, forsiy tilni mukammal bilgani, devon tartib qilgani va „Shoh Komron“ sheʼriy asari borligi haqida maʼlumot berilgan. Shuningdek, Laffasiy M.ning "Xonaxarob" taxallusini olish sababini hajviy sheʼrlar yozishi bilan izohlaydi.[2]

Abdurashid Abdugʻafurov.[3]

Oʻrganilishi

tahrir

M.X ijodiga oid koʻpgina ilmiy izlanishlar olib borilgan. Xususan, Matnazar Pirnazarov 1973-yilda „Mutrib Xonaxarobiyning ijodiy yoʻli“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2021-yilda Madrimova Sohiba filologiya fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun"Mutrib Xonaxarob va uning adabiy merosi" nomli ilmiy tadqiqotini himoya qilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Мадиримова, Сохиба. Мутриб девонининг қўлёзма манбалари, № 1/5, Тошкент: ЎзМУ хабарлари, 2017 — 424-426-bet. 
  2. Мадиримова, Сохиба. Мутриб Хонахароб ва унинг адабий мероси, Тошкент, 2021 — 13-bet. 
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil