"MUXTASAR"Zahiriddin Muhammad Boburning aruz vazni nazariyasi haqidagi asari (taxminan 1525—1523). Manbalarda "Mufassal", "Risolayi aruz" deb ham yuritiladi. Unda aruz vaznidagi barcha yutuq va kamchiliklar koʻrsatilgan. Bobur aruzning baʼzi noaniq masalalariga aniqlik kiritdi va uni yangi fikrlar bilan boyitdi, oʻzbek, arab, fors aruzlarini bir-biri bilan qiyoslab, aruz vaznining 248 turini aniqladi.

Bobur aruzda zihoflar sonini 46 taga yetkazdi. U taqteʼ bobida eski oʻzbek tili fonetik meʼyorlari asosida Navoiyning "Mezon ul-avzon"ida ishlab chiqilgan aruzning qonun-qoidalarini tizimga solib, baʼzi bahrlar orasida oʻxshashliklar topdi. Asarda qoʻshiqlarning tarxoniy, turkiy, oʻlang, shuningdek, tuyuq va uning rang-barang turlari haqida yangi fikrlar aytilgan. Bobur bu asari bilan oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanadigan aruz bahrlarining koʻp yangi vazn, zihof va farʼlarini aniqladi. "Mezon ul-avzon"da ruknlar toʻliq berilgan. Ularning sonini aniqlashda talaffuz hisobga olingan. "Mezon ul-avzon" vaznlarning koʻpligi va ularga berilgan izohlarning aniqligi bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Risolaning kotib Hoji Muhammad Samarqandiy koʻchirgan (1533—1534) yagona qoʻlyozmasi Parij Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Nashrlari: Muxtasar, T., 1971; Traktat ob aruze, M., 1972.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil