Namlik oʻlchagichgazlar, suyuqliklar va qattiq jismlar (shu jumladan, sochiluvchan jismlar, masalan, tuproq, qum) namligini oʻlchaydigan asbob. Gigroskopik, elektr-kimyoviy, gigrometrik va [[psixometrik]] xillari bor. Gigroskopik namlik oʻlchagichning ishi materiallar va moddalarning atrof muhitdagi namlik (suv bugʻlari) ni oʻziga yutish xossasiga asoslangan. U gazlar va suyukliklarning namligini oʻlchashda ishlatiladi. Elektrkimyoviy namlik oʻlchagich jismlardan elektr toki oʻtkazilganda unda kimyoviy reaksiya yuz berib, namlik miqdorini oʻzgartirishga asoslangan. U bilan ham gazlar va suyukliklarning namligi oʻlchanadi. Gigrometrik Namlik oʻlchagichning ishi namlik miqdoriga qarab yogʻsizlantirilgan soch tolasining oʻz uzunligini oʻzgartirishi xossasiga asoslangan. U gazlarning namligini oʻlchash uchun ishlatiladi. Psixrometrik namlik oʻlchagichning ishi ikki termometr (biri quruq, ikkinchisining ustiga hoʻllangan mato oʻralgan) ning koʻrsatishlar farqini oʻlchashga asoslangan. Bu ham gazlar uchun moʻljallangan. Namlik oʻlchagichlarning sigʻimli, konduktometrik va yadroviy magnit rezonans hodisasiga asoslangan turlari ham bor. Bular suyukliklar va qattiq jismlar namligini oʻlchash uchun moʻljallanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil