Nasafiy Nurmuhammad (toʻliq nomi Muhammad Amin ibn Nurmuhammad Nasafiy) (18-asr, Qarshi) — tazkiranavis. Tazkirachilikda Navoiy anʼanalarini davom ettirgan. N.N.dan bizgacha "Mazhar ulmusannifin" ("Adiblar bayonida", 1759) asarigina yetib kelgan. Asar tarixiy voqealar bayonidan iborat boʻlib, unda tazkiraga xos xususiyatlar mujassam. "Mazhar ul-musannifin"da Buxoro amirligi hududlarida kechgan tarixiy voqealarning bayoni bilan birga buxorolik, samarqandlik, qarshilik shoir, olim, adiblar haqida ham soʻzlanib, ularning kasb-kori, shaxsiyati, badiiy ijod sohasidagi iqtidori haqida qaydlar keltiriladi. Undagi maʼlumotlar 18-asr adabiy muhitini chuqurroq oʻrganishga yordam beradi. Muallif, ayniqsa, kosibhunarmandlar tabaqasiga mansub — poʻstindoʻz, kordrap, qogʻozfurush, tirgar (oʻq yasovchi) shoirlar haqida soʻz yuritadi, ularning sheʼrlar ijod qilishdagi qobiliyatlarini ham munosib baholaydi.Muhammad Nosir, Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001.[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil