Naslchilik kitobi, nasldor hayvonlar davlat kitobi — zot standartlariga mos keladigan naslli mollarni roʻyxatga olish kitobi. Naslchilik kitobida xoʻjaliklarda urchitilayotgan hayvonlar zotlaridagi eng mashhur erkak va urgʻochi hayvonlarning kelib chiqishi va mahsuldorlik koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlar qayd qilib boriladi. Naslchilik kitobi zotlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Dunyoda birinchi marta Naslchilik kitobi Angliyadagi yoʻrtoqi otlarning sinov natijalari boʻyicha 1751-yilda nashr etilgan. 1793-yilda nashr etilgan kitobda 1690-yildan boshlab yoʻrtoqi sof zotli otlarning genealogik maʼlumotlari toʻplangan. Keyinchalik qoramol zotlari: 1822-yilda shortgorn va gernsey; 1838-yilda jersey; 1845-yilda gereford; 1862-yilda aberdin-anguss va gallovey zotlari boʻyicha Naslchilik kitobi lari chop etilgan. Rossiyada 1834-yilda salt miniluvchi sof zot va 1839-yilda orlov zoti boʻyicha, 1903— 08 yillarda Kursk, Harkov va Shimoliy qishloq xoʻjaligi jamiyatlarining Naslchilik kitobi tashkil etilgan. 1924-yilda yaroslav, 1926-yilda qizil gorbat, 1927-yilda xolmogor sigir zotlari toʻgʻrisidagi kitoblar chop etilgan.

Oʻzbekistonda Naslchilik kitobi birinchi marta 1941-yilda N.A.Teterin va P.P.Yesyutinlar tomonidan "Oʻrta Osiyoning zotli otlari" boʻyicha 1-jild, shuningdek, 1950 va 1960-yillarda P. K. Trofimov va V. A. Shchekinlar tomonidan "Qora-bayir zotlari" kitobining 2- va 3-jildlari, 1982-yilda K.A. Lixov, N. T. Gorshkov va T.D.Sabdushevlar tomonidan "Qorabayir zotlari"ning 4-jildi tayyorlanib, nashr etilgan. Qoramolchilikda 1958-yilda A.A. Atbashyan tomonidan "Bushuyev zot guruhi" davlat Naslchilik kitobining 1-jildi tuzilgan boʻlib, unda 60 buqa va 240 sigir, 1982-yilda A. M. Mustafayev tomonidan "Bushuyev zotlari" davlat naslchilik kitobining 2-jildi tuzilib, bunda 45 buka va 568 sigir haqidagi maʼlumotlar berilgan. Qoʻychilikda 1949-yilda "Hisor qoʻy zotlari"ning 2-jildi va 1980-yilda "Qorakoʻl qoʻy zotlari"ning 11 jildi nashr etilgan.

Kitobda kayd etilgan maʼlumotlardan ishlab chiqarishda keng mikesda foydalanish mumkin. Ushbu kitob respublikada urchitilayotgan nasldor qoramol, ot, tuya, qoʻy va echkilarni roʻyxatga olish, ularning mahsuldorlik koʻrsatkichlarini tahlil qilib, xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar oʻrtasida keng targʻib qilish imkonini beradi.

Izatulla Eshmatov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil