Nefropatiya (yunoncha nephros — buyrak, pathos — kasallik) — buyrakning turli morfologik va funksional kasalliklarini anglatuvchi umumiy tushuncha. Nefropatiyaga nefritlar (glomerulonefrit, piyelonefrit, tubulointerstitsial, irsiy va boshqalar), buyrak anomaliyalari (buyrakning arteriya va venalari nuqsonlari, buyrak aplaziyasi, qoʻshimcha buyrak, buyrak gipoplaziyasi, festoniyasi va boshqalar), buyrak polikistozi, pionefroz (buyrakning yiringli-destruktiv yalligʻlanishi), buyrak sili, raki, buyrak exinokokkozi, buyrak amiloidozi, buyrakning oʻtkir va surunkali yetishmovchiligi, nefrotik sindrom, nefroptoz, nefrolitiaz, nefroskleroz va boshqa kasalliklar kiradi. Nefropatiya rivojlanishiga baʼzi yuqumli kasalliklar (angina, nafas sistemasining oʻtkir yalligʻlanish kasalliklari, ayrim viruslar), organizmning sovqotishi, qandli diabet, tireoidit, amiloidoz, maʼlum bir guruh dorilarning noxush taʼsiri, immun sistemadagi yetishmovchiliklar va boshqa omillar sabab boʻladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil