Nelson Mandela 1918-yil 18-iyul kuni Janubiy Afrika Respublikasining (JAR) Transkey hududidagi Mfezo (Mvezo) qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning asl ismi Rolilahla edi. Mandela mansub bo‘lgan kosa tilida bu “bezovta qiluvchi” , “buzg‘unchi” degan ma’nolarni bildiradi.

Mandelaning otasi bir necha yil mahalliy qabila sardoriga yaqin maslahatchi bo‘lib xizmat qilgan, ammo keyinchalik mustamlakachi oq tanli amaldor bilan ziddiyatga borgach, yer-mulk va unvonlaridan mahrum qilingan. Mandela bu payti hali go‘dak edi. Otasi mavqeyini yo‘qotgach, oila Mfezodan shimoldagi kichikroq Kunu qishlog‘iga ko‘chib o‘tgan. Rolilahlaning yoshlik yillari shu qishloqda o‘tdi. U oilasida birinchi bo‘lib maktabga boradi. O‘sha paytlardagi odatga ko‘ra va Britaniya ta’lim tizimining ayirmachiligi sabab o‘qituvchisi unga yangi Nelson ismini beradi.

12 yoshida otasi o‘pka kasalidan vafot etgach Nelsonning hayoti tubdan o‘zgardi. U Transkeydagi hukmron tembu qabilasi yetakchisi Jongintaba Dalindyebo xizmatiga qabul qilindi. Bu uning otasiga bildirilgan ehtirom belgisi edi, chunki bir necha yillar oldin u Jongintaba nomzodini hukmdorlikka ilgari surgan edi.

Nelson Mandelaning yoshligi 19 yoshligida olingan surat

Mandela Tembulendga ko‘chib keladi. U hukmdorning ikki farzandi kabi daraja va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. U saroy yaqinida joylashgan kichkinagina maktabda tarix, geografiya, ingliz va kosa tillarini o‘rganadi. Aynan shu davrda Mandelada Afrika tarixiga qiziqish kuchaydi, u Afrika xalqi oq tanlilar kelguniga qadar nisbatan tinch yashaganini bilib oladi. 1939-yil Mandela Fort-Heyr universitetiga o‘qishga kirdi. Bu universitet o‘sha davrda Janubiy Afrikadagi qora tanlilar o‘qishi mumkin bo‘lgan yagona oliy ta’lim muassasasi edi.

Universitetning dastlabki yilidan Mandela roman-german huquqini yaxshi o‘rganishga kirishdi. Sababi bu qora tanlilar uchun eng yaxshi kasblar — tarjimonlik va davlat xizmatchisi bo‘lishiga yo‘l ochardi.

Oliygohdagi o‘qishning ikkinchi yilida Mandela universitet talabalar kengashi vakili etib saylandi. Biroq ba’zi muammolar sabab talabalar bu saylovni boykot qildi. Nelson ular bilan bir pozitsiyada ekanligini bildirish uchun iste’foga chiqishga qaror qildi. Buni bo‘ysunmaslik harakati sifatida ko‘rgan universitet rahbariyati unga tezda kengashga qaytishi kerakligini, aks holda oliygohdan haydalishidan ogohlantirdi.

Mandela ultimatumni qabul qilmadi va uyiga qaytdi. Regent Jongintaba uning universitetni tashlab qaytganidan g‘azablandi. U Mandelaga kuzda universitetga qaytishi kerakligini aytdi va uni uylantirish harakatini boshladi.

Bu voqealardan keyin Mandela uyidan qochib, Yoxannesburgga keldi. Bir muncha vaqt shu yerda qo‘riqchi va xizmatchi bo‘lib ishladi. Universitetni sirtqi bo‘limda tugatdi. 1942-yilda Nelson Mandela Afrikada aperteidga qarshi kurashuvchi partiya Afrika Milliy Kongressiga (AMK) a’zo bo‘ldi. Keyinroq tashkilotning yosh a’zolari mazkur Kongressning Yoshlar Ligasini tashkil etdi. Bu liga maqsadi JARdagi minglab o‘z ovoziga ega bo‘lmagan qishloq aholisi, dehqonlar va ishchilar qo‘llab-quvvatloviga erishib, AMKni ommaviy harakatga aylantirishdan iborat edi. Yoshlar AMKning avvalgidek tinch, iltimos ko‘rinishdagi murojaatlarini samarasiz usul deb hisobladi. Ularning harakatlari natijasida 1949-yilda AMK o‘z kurash usulini rasman o‘zgartirib, ish tashlash, boykot, bo‘ysunmaslik harakatlarini olib bora boshladi. Xususan, davlatga barchaga to‘liq fuqarolik berish, yer uchastkalarini qayta taqsimlash, kasaba uyushmalari huquqlarini kengaytirish, barcha bolalar uchun bepul va majburiy ta’limni joriy qilish kabi talablar qo‘yildi.

Deyarli 20 yil davomida Mandela JAR hukumatiga qarshi tinch, zo‘ravonliksiz harakatlar olib bordi. 1956-yilda Mandela va harakatning 150 a’zosi hibsga olindi, ular siyosiy tashviqotlari uchun davlatga xiyonat qilishda ayblandi (1961-yil ular oqlanadi).

Nelson mandelaning to`yi 1944 yil.

Qamoqda Mandela qurolli kurash o‘zgarishlarga erishishning yagona yo‘li ekanligiga ishona boshladi. Ozodlikka chiqqach u Umkhonto we Sizwe — “Millat nayzasi” qurolli harakatiga asos soldi. 1961-yilda u ishchilarning uch kunlik ish tashlashini uyushtirdi. Keyingi yil ish tashlashni tashkillashtirgani, unga o‘zi boshchilik qilgani uchun yana 5 yilga ozodlikda mahrum qilindi. 1963-yil Mandela qayta sudga tortildi. Bu safar u va 10 nafar AMK yetakchilari siyosiy jinoyatlari, xususan, ish tashlash uyushtirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Mandela 27 yillik (1962-yil noyabridan 1990-yil fevraliga qadar) tutqunligining 18 yilini Robben orolida o‘tkazdi. Bu yerda u sil kasalligini yuqtirib oldi. Shunday bo‘lsa ham, qamoqdagi paytida sirtqi dasturlar orqali London universitetidan yuridik bakalavr diplomini oldi.

Qamalganiga qaramay, Mandela qora tanlilar harakatining ramzi bo‘lib qolaverdi va uni ozod qilish uchun xalqaro kampaniya boshlandi. Bu qo‘llab-quvvatlashlar natijasida Mandela xalqaro kuch va hurmatga ega bo‘ldi.

AMK bayrog`i

1982-yilda Mandela va boshqa AMK yetakchilari go‘yoki JAR hukumati bilan aloqani ta’minlash uchun Pollsmur qamoqxonasiga ko‘chirildi. Sobiq JAR razvedka xodimi Gordon Vinterning xotiralariga ko‘ra, Janubiy Afrika hukumati ko‘chirish paytida Mandelani yo‘q qilish uchun uning qochib ketishini tashkil qilmoqchi bo‘lgan, biroq reja Britaniya maxsus xizmatlari tomonidan barbod qilingan.

SSSR markasi, 1988 yil

1985-yili prezident Piter Bota Mandelaga qurolli kurashdan voz kechish evaziga ozodlikni taklif etdi, ammo u bu taklifni qat’iyan rad etdi.

Mandelaning ozod qilinishi uchun mahalliy va xalqaro bosimlar kuchayishi fonida hukumat u bilan bir necha bor muzokaralar o‘tkazdi, lekin hech qanday kelishuvga erishilmadi.

Botodan keyin prezidentlikka Federik de Klark kelgach, Mandela 1990-yil 11-fevral kuni nihoyat ozodlikka chiqarildi. Uning ozodlikka chiqarilishi butun dunyoga jonli efir orqali translyatsiya qilindi. Shuningdek, de Klark AMKga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, siyosiy partiyalarga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashladi va qatllarni to‘xtatdi.

Qamoqdan chiqqach ham Mandela JAR hukumati konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazishi uchun xalqaro kuchlardan bosimni kamaytirmaslikni so‘radi. U tinchlik tarafdori ekanligini, biroq qora tanli aholi to‘liq saylov huquqini olmaguncha AMK qurolli kurashni to‘xtatmasligini bildirdi. 1991-yil Mandela AMK prezidenti etib saylandi, uning sodiq do‘sti va hamkasbi Oliver Tambo Milliy Kongress raisi bo‘ldi.

Frederik Klerk va Nelson Mandela jahon iqtisodiy forumida 1992 yil.

1993-yil Nelson Mandela va prezident de Klark Janubiy Afrikada aperteidga chek qo‘yish borasidagi ishlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Nelson Mandela (1993)

Qamoqdan chiqqandan so‘ng Mandela prezident de Klark bilan mamlakatdagi birinchi ko‘p millatli saylovlar haqida muzokaralar olib bordi. Oq tanlilar hokimiyatni bo‘lishishga tayyor edi, ammo qora tanlilar hukumatni to‘liq o‘z qo‘llariga olmoqchi edi. Muzokaralar keskinlashib, namoyishlar kuchaydi. Mamlakatda AMK yetakchilaridan biri Kris Hani o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mandela va prezident de Klarkning sa’y-harakatlari natijasida o‘zaro kelishuvga erishildi: 1994-yil 27-aprelda Janubiy Afrika Respublikasida birinchi demokratik saylovlar o‘tkazildi. Saylovlarda Mandela g‘alaba qozondi. 1994-yilning 10-may kuni 77 yoshida Mandela JARning birinchi qora tanli prezidentiga aylandi. Vitse-prezidentlikka esa sobiq prezident de Klark tayinlandi.

Nelson Mandela 1994 yilgi prezidentlik saylovida ovoz beryapti. 1994 yil.

Prezidentlik davrida Mandela hokimiyatda oq tanlilar ustunligini qora tanlilar foydasiga o‘zgartirishga harakat qildi. U xalqning sportga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqidan davlatning qora va oq tanli aholisini yarashtirishda foydalandi va janubiy afrikalik qora tanli aholini bir paytlar ular nafratlanib yurgan milliy regbi jamoasini qo‘llab-quvvatlashga undadi.

1995-yilda JARda regbi bo‘yicha Jahon Kubogi o‘tkazildi. Bu davlatning xalqaro maydondagi obro‘si o‘sishiga yordam berdi. O‘sha yili Mandela “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, prezidentlik davrida Mandela JAR iqtisodiyotini qulashdan ham himoya qildi, “Qayta qurish va rivojlantirish rejasi” orqali hukumat yangi ish o‘rinlari, uy-joy va sog‘liqni saqlash tizimi tashkil etilishini moliyalashtirdi.

1996-yilda Mandela ko‘pchilik hukmronligiga asoslangan kuchli markaziy hukumatni tashkil qiladigan, ozchilik manfaatlari va so‘z erkinligini kafolatlaydigan yangi konstitutsiyani qabul qildi.

1999-yilgi saylovlarga Mandela o‘z nomzodini qo‘ymadi. Keyingi faoliyati davomida faol siyosat bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, fondlar orqali qishloqlarda shifoxonalar va maktablar qurdirdi, Burundidagi fuqarolar urushida vositachilik qildi. Mandelaga 2001-yilda prostata saratoni tashxisi qo‘yildi va davolandi. 2004-yil 85 yoshida u siyosiy faoliyatiga rasman yakun yasaganini bildirib, bolalik yillari o‘tgan Kunu qishlog‘iga ko‘chib keldi. 2011-yil o‘pka infeksiyasini boshdan kechirgan Mandela 2012-yilda oshqozon kasalligini davolash uchun Yoxannesburg kasalxonasiga yotqizildi. Operatsiyadan so‘ng Kunuga qaytib ketgan Mandela yana bir necha kasalliklarni boshidan o‘tkazdi.

Nelson Mandela 2013-yil 5-dekabrda, 95 yoshida Yoxannesburgdagi uyida vafot etdi. Shu kuni JAR prezidenti Yakob Zuma uning vafoti munosabati bilan nutq so‘zlab, “Dunyoning qayerida bo‘lmasin, uning jamiyat haqida tasavvurlarini yana bir bor tan olaylik... Unda hech kim ekspluatatsiya qilinmaydi, zo‘rlik ishlatilmaydi, inson ustidan inson ustunligiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Mandelaning dafn marosimida 91 nafar davlat va hukumat rahbarlari, 15 nafar sobiq rahbarlar qatnashdi.

Nelson Mandela qalamiga mansub “Kurash — bu mening hayotim”, “Ozodlikka oson yo‘l yo‘q” kitoblari dunyo o‘quvchilari orasida juda mashhur.

  • Makgaxo Mandela — katta oʻgʻli, 2005 yil OITS kassalligi tufayli 54 yoshida olamdan oʻtgan.
  • Tembekile — Mandela kichik oʻgʻli, Mandela qamoqda jazo oʻtayotgan paytda avtohalokatda vafot etgan. Mandela qamoqhonada 27 yil umrini oʻtkazgan.
  • Hozir Mandelaning uch qizi qolgan: bittasi- birinchi rafiqasi Evelindan, va ikkitasi- ikkinchi rafiqasi Vinnidan.
  • Evelin Makgahoning onasi edi. Shuningdek oʻtgan yili Makgaho rafiqasi-Zondi vafot etadi.

HavolalarTahrirlash