Nikolay Alekseyevich Ostrovskiy (ruscha: Николай Алексеевич Островский; ukraincha: Микола Олексійович Островський; 16-sentabr 1904-yil, Rovno viloyati Viliya qishlogʻi — 22-dekabr 1936-yil, Moskva) — rus yozuvchisi. Cherkov qoshidagi diniy maktabni tugatib (1913), 9 yoshida mehnat faoliyatini boshlagan. Dastlab 2 sinfli, keyin Oliy boshlangʻich bilim yurtida oʻqigan (1917—19). Soʻng koʻngilli sifatida frontga ketib, G. I. Kotovskiyning otliq brigadasi va Birinchi otliq armiyada xizmat qilgan. 1920-yilda ogʻir jarohat olgach, „mehnat fronti“da ishlab, komsomol tashkilotlarida faollik koʻrsatgan. 1927-yilda xastaligi ogʻirlashib, koʻzi nogiron, oʻzi esa toʻshakband boʻlib qolgan. Shunga qaramay, Ostrovskiy adabiy faoliyat bilan shugʻullanib, dastlab Kotovskiy brigadasi toʻgʻrisida qissa (1927—28), keyin „Poʻlat qanday toblandi“ romanini yozadi (1932—34). Fuqarolar urushi yillaridagi komsomol yoshlar jasoratiga bagʻishlangan va muharrirlar tomonidan qayta ishlangan mazkur asar sovet adabiyotining ulkan yutugʻi sifatida baholanib, uzoq davrlar mobaynida sovet yoshlari hayotiga bagʻishlangan sovet davri qahramoni obrazi yaratilgan asarlar uchun andoza boʻlib qolgan. Romanning bosh qahramoni Pavel Korchagin obrazi esa yoshlarni sovet davri gʻoyalari ruhida tarbiyalashda sovet targʻibot va tashviqot mashinasi uchun muhim vositalardan biriga aylangan. Dastlabki romanining katta muvaffaqiyat qozonganidan ilhomlangan Ostrovskiy yana fukarolar urushi mavzuida „Boʻron bolalari“ qissasini yozgan (1934—36) va publitsistik maqolalar eʼlon qilgan. Ostrovskiyning har ikkala romani oʻzbek tiliga tarjima qilingan.[1]

Manbalar

tahrir
  • Sochineniya, t. 1—3, M., 1969; Poʻlat qanday toblandi, T., 1970; Boʻron bolalari, T., 1985.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot

tahrir
  • Timofeyev V., Shiryayeva M., Nikolay Ostrovskiy. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1957.