Nikolay Tixonov
Nikolay Semyonovich Tixonov [1896.22.11(4.12), - Peterburg - 1979.8.2] — rus yozuvchisi, jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq shoiri (1974). Birinchi jahon urushi (1914—18), fuqarolar urushi (1918—20) va Ikkinchi jahon urushi (1941 — 45) qatnashchisi. SSSR Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi kotibi (1944-yildan). 20-yillarda "Serapion muridlari" adabiy toʻgaragi ishtirokchisi. Ilk dostoni "Sami" (1920). T. 20—30-yillarda Gruziya, Armaniston va Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat qilgan. Taassurotlari asosida "Vamberi" (1925), "Dengizdan dengizgacha" (1926), "Urush" (1931) qissalarini, "Xavfli odam", "Harbiy otlar" (1927), "Abadiy tranzit" (1934), "Koʻchmanchilar" kabi hikoyalar va ocherklar kitoblarini (1931), "Kaxetiya haqida sheʼrlar" (1935) toʻplamini yozgan. "Gruziya bahori" turkum sheʼrlari (1948)da urushdan keyingi Kavkazning maftunkor tabiati, kishilarining tinch turmushi, xalkdar doʻstligi ifodalangan. Tinchlik uchun kurashuvchilarning xalqaro xarakatida koʻp yillar ishtirok etishi, Sharq va Gʻarb mamlakatlariga qilgan sayohatlari uning "Dust soyasi" (1936), "Ikki oqim" (1951), "Tinchlik tarafdorlarining ikkinchi umumjahon kongressida" (1953) kabi turkum sheʼrlarida, "Oq moʻʼjiza" (1956), "Yashil zulmat" (1966) kabi qissalari hamda "Qoʻsh kamalak" (1964) kitobida aks etgan. Asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan. Gʻafur Gʻulom, Oybek, Zulfiya va boshqa oʻzbek shoirlarining sheʼrlarini rus tiliga tarjima qilgan.[1][2]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |