Zulfiya

oʻzbekistonlik shoira, jurnalist, tarjimon va jamoat arbobi (1915—1996)

Zulfiya Isroilova (1-mart 1915-yil — 1-avgust 1996-yil) — „Zulfiya“ nomi bilan tanilgan oʻzbekistonlik shoira, jurnalist, tarjimon, jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq shoirasi (1965) va Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1984). "Do‘stlik" ordeni sohibasi (1995)[1]

Zulfiya Isroilova
Tavalludi 1-mart 1915-yil
Toshkent, Toshkent vil., Rossiya imperiyasi
Vafoti 1-avgust 1996-yil
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent
Taxallusi Samir
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili va Rus tili
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Yoʻnalish sotsial realizm
Janr sheʼriyat
Mukofotlari

Taʼlim

tahrir

1931-yil Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirib, 1934-yil tugatgan. 1935-yil Oʻzbekiston SSR Fanlar qoʻmitasi qoshidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasiga oʻqishga kirgan.

Faoliyati

tahrir

1938—1940-yillarda Yoshlar va oʻsmirlar adabiyoti nashriyotida muharrir, Oʻzbekiston davlat nashriyotida boʻlim mudiri (1941—1950), „Oʻzbekiston xotin-qizlari“ (qarang „Saodat“ jurnali) jurnalida boʻlim mudiri (1950—1953), bosh muharrir (1954—1985) boʻlib ishlagan.

Uning ilk sheʼri 1931-yilda „Ishchi“ gazetasida bosilgan. Dastlab 1932 yil „Hayot varaqalari“ sheʼrlar toʻplami nashr etilgan. Shundan keyin uning „Temiroy“ (1934), „Sheʼrlar“, „Qizlar qoʻshigʻi“ (1939) sheʼriy kitoblari eʼlon qilingan. Zulfiy sheʼriy ijodining porlashi „Uni Farhod der edilar“ (1943), „Hijron kunlarida“ (1944) va „Hulkar“ (1947) toʻplamlari bilan bogʻliq. Ayniqsa, Hamid Olimjonning bevaqt vafotidan keyin (1944) yozilgan, ruhiy silsilalar va qalb iztiroblari bilan toʻla sheʼrlar Zulfiya ijodida jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻlganidan darak beradi. U shaxsiy fojiasi tasviri orqali Ikkinchi jahon urushidan katta talafot va yoʻqotishlar bilan chiqqan xalqning dard va alamlarini ifodaladi.

1940-yillar oxirida eʼlon qilingan Sovet Ittifoqining sanʼat va adabiyot toʻgʻrisidagi qarorlari oʻzbek adabiyotiga ham katta zarar keltirdi. Zulfiya badbin kayfiyatlar — pessimistik kechinmalar kuychisi sifatida taʼna toshlari ostida qoldi. Shundan keyin u, boshqa qalamkash birodarlari singari, „davr gʻoyalari“ni ifodalovchi sheʼrlar yozishga oʻtdi. Lekin koʻp oʻtmay, oʻzbek ayollari hayotini yaxshi biluvchi shoira va jurnalist sifatida dugonalari haqida sheʼr va publitsistik maqolalar yozdi, ularni ijtimoiy faollikka chaqirdi, insoniy haq-huquqlarining poymol boʻlmasligi uchun kurashdi.

1950-yillarning 2-yarmida u Osiyo va Afrika yozuvchilarining tinchlik va xalqaro birdamlik shiori ostida oʻtgan harakatida faol qatnashib, jahonning koʻpgina mamlakatlarida boʻldi. Hindiston, Misr, Yaponiya va qoʻshni respublikalarga qilgan safari shoira ijodida chuqur iz qoldirdi. „Mushoira“, „Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush“, „Qozogʻiston oʻlanlari“, „Men chizolmagan surat“ singari sheʼrlari Zulfiyaga shuhrat keltirdi. Zulfiya sheʼrlarida tasvir etilayotgan hayot koʻlami kengayb, ijodiga xorijiy xalqlar hayoti manzaralari ham kirib keldi. 70-yil lardan boshlab uning ijodidagi milliy hayot tasvirida yangi ranglar kamalagi paydo boʻldi, haqqoniylik va his-hayajon kuchaydi. „Oʻylar“ (1965) sheʼriy guldastasi bilan boshlangan voqelikni falsafiy idrok etish tamoyili „Visol“ (1972), „Yillar, yillar…“ (1975) sheʼriy kitoblarida davom etib, shoira ijodida chinakam badiiy yuksalish davri boshlanganini namoyish etdi. U yana doston janriga qaytib, ustoz Oybekning soʻnggi safariga bagʻishlangan „Quyoshli qalam“ (1970) dostonini yaratdi. Ayni paytda shoira bolalarga bagʻishlangan turkum sheʼrlar ham yozdi („Lolaqizgʻaldoq“, 1975).

Zulfiya hayotining muhim bir qismini Hamid Olimjonning adabiy merosini oʻrganish va nashr etish ishiga bagʻishladi. Ana shu jarayonning uzviy qismi sifatida u shoirning „Semurgʻ yoki Parizod va Bunyod“ dostoni asosida qoʻgʻirchoq teatri uchun „Semurgʻ“ pyesasi (S. Somova bilan hamkorlikda) hamda „Zaynab va Omon“ operasi librettosini yozdi.

Tarjimalari

tahrir

A. S. Pushkin, M. Y. Lermontov. N. A. Nekrasov, M. Voqif, L. Ukrainka, M. Dilboziy, S. Kaputikyan, E. Ognetsvet, M. Karim, P. Amrita, Y. Bagryana va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari koʻplab chet tillarda, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan.

Mukofotlari

tahrir

Zulfiya xalqaro „Javaharlal Neru“ (1968), „Nilufar“ (1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning „Kirill va Mefodiy“ (1972) ordeniga sazovor boʻlgan.

Oʻzbekiston hukumati atoqli shoiraning madaniyatimiz taraqqiyotidagi katta xizmatlarini eʼtiborga olib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etdi. Toshkentdagi koʻchalardan biriga uning nomi berilgan.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Turmush oʻrtogʻi — Hamid Olimjon publitsist, adabiyotshunosi va jamoat arbobi.
  • Qizi — Hulkar[2]
  • Akasi — Karimjon Isroilov[2].
  • Akasi — Normat Isroilov NKVD Xorazm boʻlimida ishlagan. 1937-yil qatag'ong uchrab, Toshkentda otib tashlangan[3].
  • Nabirasi — Lola Muhiddinova — tarixchi va tarjimon[4].

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir

Biografiyasi (ruscha)

Adabiyotlar

tahrir
  • Sultonova M., Ijod sahifalari, Toshkent, 1975; Zulfiya [bibliografiya], Toshkent, 1977; Sultonova M., Zulfiya, Toshkent, 1985; Ibrohimov M., Quyoshli sheʼriyat ijodkori, Toshkent, 1986; Ehtirom [nashrga tayyorlovchilar: Rahima Shomansurova, Raʼno Rahmonova], Toshkent, 1995.
  • Naim Karimov. m. G. Gulyama, 1983.
  • Qayumov L. Shoira Zulfiya. Toshkent, Oʻzadabiynashr, 1965.
  • Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. Toshkent: „Yozuvchi“, 2000.
  • Tanlangan asarlar (3 jildli), Toshkent, 1985.