Niyoz Muhammad Hoʻqandiy, Mullo Niyoz Muhammad Hoʻqandiy Niyoziy bin Mullo Ashur Muhammad (taxminan 1802/03—1878-yildan soʻng) — qoʻqonlik tarixchi, shoir. 1860-yil Niyoz Muhammad Hoʻqandiy Qanoatshoh boshliq Qoʻqon qoʻshinlarining Pishpak, Uch Olmati va Uzun Ogʻochga, 1861—62 yillarda esa Turkiston atrofiga qilgan yurishida ishtirok etgan. Shundan soʻng harbiy xizmatdan ketib, Qoʻqonda oʻz mahallasida tinch mehnat bilan band boʻlgan. „Tarixi jadidai Toshkand“ muallifi Muhammad Solihxoʻja Toshkandiy uni attorlik mollari bilan savdo qiluvchi savdogar deb ataydi. „Niyoziy“ taxallusi bilan sheʼrlar bitgan. Niyoz Muhammad Hoʻqandiy „Tarixi Shoxruxiy“ asarini Xudoyorxon topshirigʻiga koʻra yozgan (1871—72). Asar Shohruxbiy davridan boshlab 1872-yilgacha Qoʻqon xonligida sodir boʻlgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy oʻzgarishlarni qamrab olgan. Ayniqsa, muallifning oʻzi ishtirok etgan voqealar bayoni ilmiy jihatdan qimmatli. Asar Qoʻqon xonligi tarixini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi.

Adabiyot

tahrir
  • Bobobekov H., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Beysembiyev T. K., „Taʼrixi Shaxruxi“ kak istoricheskiy istochnik, AlmaAta, 1987.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil