Nomusga tegish - zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish. Ushbu jinoyatning jabrlanuvchisi faqat ayol kishi, nomusga tegishning subyekta esa ayolning xohishi, erkiga qarshi u bilan jinsiy aloqaga kirishgan erkak hisoblanadi. Koʻpincha jinoyatning motivi jinsiy ehtiyojni qondirishdan iborat boʻladi. Ammo sud amaliyotida jinoyat sodir etishning motivi sifatida oʻch olish, ayolni sharmanda qilish, oilani haqorat kilish, ayol kishini erga tegishga majbur qilish va hokazo ham uchrab turadi. Nomusga tegish vaqtida aybdor jismoniy va ruhiy zoʻrlik ishlatishi mumkin. Nomusga tegish jinoyatini sodir etishdagi qoʻrqitish jabrlanuvchining qarshiligini yengish maqsadida unga yoki unga yaqin kishilarga nisbatan ishlatiladigan turli xil ruhiy taʼsirlarni anglatadi. Jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish deyilganda jabrlanuvchining oʻziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini anglay olmasligi yoxud sodir etilayotgan harakatlarning xususiyatini anglasada, aybdorga qarshilik koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishi tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasining JK boʻyicha, Nomusga tegish ayollarning jinsiy erkinligi va jinsiy daxlsizligiga qaratilgan eng ogʻir tajovuzlardan biridir. Voyaga yetgan ayollarning jinsiy erkinligi, 16 yoshga toʻlmagan ayol jinsidagi shaxslarning jinsiy daxlsizligini taʼminlovchi ijtimoiy munosabatlar jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadi. Nomusga tegish jinoyatini sodir etgan shaxs uchun belgilangan jazoning eng oz muddati 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir. Javobgarlik oʻta ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan deb topilsa, aybdorga 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlanadi (Oʻzbekiston Respublikasining JK, 118-modda). [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil