Nosirxon toʻra Sayd Kamolxon toʻra oʻgʻli

Nosirxon toʻra Sayd Kamolxon toʻra oʻgʻli (1871, Kosonsoy — 1938.3.9) — Turkiston muxtoriyati hukumati maorif vaziri (1917— 18), sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan harakat raqbarlaridan biri, yirik ulamo. Buxoroda, Kobul, Dexli, Bagʻdod va Hijoz shaharlarida tahsil oldi. Turkistonga kaytgach (1912), Namangan shahar qozisi boʻlgan. 1913-yildan boshlab, jadidchilik harakatida faol qatnashgan. „Shuroy islomiya“ tashkilotining Namangan shoʻʼbasi rahbari, Namangan shahri Dumasi aʼzosi (1917). Turkiston oʻlka musulmonlari favqulodda IV qurul-toyi (1917-yil 26—28-noyabr)ni oʻtkazishda jonbozlik koʻrsatdi. 1918-yil fevralda muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan agʻdarilgach, bir yil mobaynida yashirin hayot kechirgan. U Koson-soyda „Milliy ittihod“ tashkiloti yacheykasini tashkil qilgan (1919). Sovet rejimi tomonidan qamoqqa olinadi, soʻngra Orenburgga surgun qilinadi (1924—29). Surgundan kaytgach, mavjud tuzumga qarshi faol harakatni davom ettirdi. Qatagʻon qilingan Nosirxon toʻra Sayd Kamolxon toʻra oʻgʻli qamoqda vafot etadi. „Tarixi Turkiston“ (15 boʻlimdan iborat), „Orenburg maktublari“ esdaligi va boshqa asarlari mavjud.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil