Notarial palata
Notarial palata (oʻzbek tilidagi rasmiy nomi: Oʻzbekiston Respublikasi notarial palatasi; ruscha: Нотариальная палата; nemischa: Notarkammer ) – notariuslarning professional oʻzini oʻzi boshqarish organi, ularning faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilotdir. Oʻz maqomiga koʻra, u ommaviy yuridik shaxs sanaladi. Notariuslarni lavozimga tayinlash, ishdan boʻshatish, intizomiy yoki boshqa huquqiy, ijtimoiy (masalan, shaʼni, axloq qoidalariga koʻra) javobgarlikni qoʻllash boʻyicha davlat hokimiyati organlarining funksiyalariga ega boʻlishi mumkin.
Notariuslar palatasiga mansublik odatda har bir notariusning qonuniy majburiyatidir. Federal shtatlarda bir nechta notarial palatalar boʻlishi mumkin. Bular mintaqaviy va mos ravishda federal (markaziy)dir. Masalan, Germaniyada 21 ta hududiy notariat palatalari mavjud boʻlib, odatda ular federal davlat hududini qamrab oladi. Germaniya hududida 9000 dan ortiq notariuslarni birlashtirgan Ittifoq notariat palatasi mavjud.
Oʻzbekistonda tashkil etilishi
tahrirNotarial palatasi barcha notarial idoralar notariuslarining aʼzoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkiloti boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrdagi „Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF–5816-son Farmoniga asosan notariuslardan iborat tashabbuskorlar tomonidan 2019-yil 28-dekabr kuni oʻtkazilgan I taʼsis Konferensiyasida tashkil etilgan[1][2].
Tuzilishi
tahrirNotarial palataning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy boshqarmalari mavjud boʻlib, ular bilan birgalikda notariatning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etadi va notariuslarning qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashmaslik tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi. Notariuslarning kirish va har oyda oʻtkazib turiladigan aʼzolik badallari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar Notarial palataning faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi. Notarial palataning vazifalari va vakolatlariga oʻxshash vazifalar va vakolatlarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Notarial palata huzuridagi fondlar
tahrirXususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli etkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etiladi. Notarial faoliyatga koʻmaklashish, notariuslarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida Notarial palata huzurida Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi tashkil etiladi. Davlat notarial idoralari notariuslari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Notarial palata huzurida Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etiladi. Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi, Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi hamda Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi notariuslarning Notarial palataga aʼzolik badalidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi. Ushbu fondlarga ajratiladigan mablagʻlar majburiy ajratmalar hisoblanib, mazkur majburiy ajratmalar miqdori yil yakunida Notarial palata boshqaruvi yigʻilishining qaroriga koʻra belgilanadi. Notarial palata huzuridagi fondlarning mablagʻlaridan oqilona foydalanishi ustidan nazorat qilish Notarial palata tomonidan amalga oshiriladi.
Organlari
tahrirBirinchi, Notarial palata Konferensiyasi – Palataning yuqori organi boʻlib, zaruratga koʻra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. Konferensiyaning vakolatiga quyidagilar kiradi:
- Notarial palata Ustavini tasdiqlash;
- Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
- Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga koʻra Palata raisini besh yil muddatga saylash;
- Boshqaruv tarkibini besh yil muddatga tuzish va uning faoliyat yoʻnalishini belgilash;
- Notarial palataning raisini lavozimidan muddatidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan bekor qilish;
- Boshqaruv aʼzolarining vakolat muddatini navbatdan oldin tugatish;
- Notariuslar Kasb etikasi qoidalarini qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
- Taftish komissiyasini besh yil muddatga saylash;
- Boshqaruv, Notarial palataning raisi, Taftish komissiyasi hisobotini tasdiqlash;
- Notarial palataga kirish va aʼzolik badallari miqdorini belgilash;
- Notarial palataning ramzini tasdiqlash;
- Notarial palatani qayta tashkil etish va tugatish;
- Qonun hujjatlari va ustavga koʻra boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Ikkinchidan, Notarial palata Boshqaruvi – Notarial palataning notariuslar orasidan saylanadigan ijro etuvchi organi boʻlib, Boshqaruv aʼzolari Konferensiyada qatnashgan delegatlar orasidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan har bir hududdan bir nafardan saylanadi. Notarial palata raisi oʻz lavozimi boʻyicha Boshqaruv aʼzosi hisoblanadi.
Notarial palata Boshqaruvi quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Konferensiyani chaqiradi, uning kun tartibini belgilaydi, Konferensiyani oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy tayyorgarlik ishlarini amalga oshiradi va Konferensiya qarorlari bajarilishini taʼminlaydi;
- Taftish komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
- Kasb etika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
- Notarial palataning joriy va istiqbolli rejalarini belgilaydi va uning bajarilishini taʼminlaydi;
- Notarial palata raisi oʻrinbosarini saylaydi;
- Ijroiya apparati tuzilmasini tuzadi va tasdiqlaydi;
- Notarial palata raisi va rais oʻrinbosari ish haqi miqdori va mukofotlash masalasini xal etadi;
- Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
- Hududiy boshqarmalarni tashkil qilish va tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda Hududiy boshqarmalarning nizomlarini tasdiqlaydi;
- Hududiy boshqarma boshliqlarining hisobotini eshitadi, ularning faoliyatiga baho beradi;
- Notarial palata va hududiy boshqarma apparatlarining faoliyatiga baho beradi;
- Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari mol-mulkini tasarruf qilish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
- Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda notariuslarni davlat mukofoti, orden va medallarga tavsiya qiladi, shuningdek belgilangan tartibda notariuslik koʻkrak nishonlari, esdalik belgilarini taʼsis etadi va notariuslarni taqdirlaydi;
- oʻz vakolatlari doirasida boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Uchinchidan, Notarial palata raisi – Palata faoliyatini boshqaruvchi rahbar. Notarial palata raisi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan Notarial palataning Konferensiyasi tomonidan notariuslar orasidan besh yil muddatga saylanadi. Notarial palata raisi Notarial palataning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Notarial palata raisi quyidagi vakolatlarga ega:
- Notarial palataning Boshqaruv organini Notarial palata raisi boshqaradi va uning majlislarida raislik qiladi;
- Notarial palata va hududiy boshqarmalarning samarali faoliyatini taʼminlaydi;
- Hududiy boshqarmalar boshliqlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
- Hududiy boshqarmalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularda rejali va rejadan tashqari tekshirish oʻtkazadi va nazorat vakolatini amalga oshiradi, shuningdek hududiy boshqarmalarning yigʻilishlarida ishtirok etishga haqli;
- xalqaro tashkilotlarda, shuningdek xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar, forumlar va seminarlarda Notarial palataning manfaatini ifoda etadi;
- qonunchilik, ijro etuvchi va sud xokimiyati, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro munosabatlarida, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar, jamoat tashkilotlari bilan munosabatlarda Notarial palataning manfaatini ifodalaydi, bitimlar tuzadi va uning nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi;
- Boshqaruv majlisini chaqiradi, uning kun tartibini belgilaydi;
- Rais oʻrinbosari nomzodini saylash uchun Boshqaruvga taklif kiritadi;
- Konferensiya va Boshqaruv qarorlari ijrosini taʼminlaydi;
- Notarial palata faoliyatiga doir buyruqlar chiqaradi va bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
- Notarial palata ijroiya apparati xodimlarini ishga qabul qiladi va ularni egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi;
- Boshqaruv qarorlari doirasida xodimlar mehnatiga haq toʻlash tartibi va usulini belgilaydi;
- xodimlarni ragʻbatlantiradi va intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi;
- Notarial palataning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini nazorat qiladi;
- ushbu Ustavda oʻrnatilgan tartibda Notarial palata Boshqaruvi qarorlari doirasida Notarial palata mulki va pul mablagʻlarini tasarruf qilish boʻyicha hujjatlarni imzolaydi;
- ishonchnomalar beradi;
- qonun hujjatlari va ushbu ustavga zid boʻlmagan Notarial palata faoliyatiga tegishli boʻlgan boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Toʻrtinchidan, Taftish komissiyasi – Notarial palataning moliyaviy nazorat organi hisoblanib, uning aʼzolari hududiy boshqarmalari tomonidan taklif etilgan notariuslar orasidan Notarial palata Konferensiyasi tomonidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan uch kishidan iborat tarkibda besh yil muddatga saylanadi va Konferensiyaga hisobot beradi.
Boshqaruv aʼzosi yoki Kasb etikasi komissiyasi aʼzosi bir vaqtning oʻzida Taftish komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Taftish komissiyasi oʻz faoliyatini Notarial palata Ustaviga va Boshqaruv tomonidan tasdiqlanadigan nizomga asosan amalga oshiradi.
Taftish komissiyasi raisi uning aʼzolari orasidan Taftish komissiyasining yigʻilishida saylanadi[3].
Vazifalari
tahrirNotarial palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilardir:
- xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish hamda qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashga doir takliflar ishlab chiqish;
- nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariat rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etish;
- yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻrish, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, ijobiy ish tajribasini ommalashtirish hamda ularga uslubiy yordam koʻrsatish;
- tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan notarial harakatlar boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;
- aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
- davlat organlari, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa hollarda aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
- xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga, kasb etikasi qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, xizmat tekshiruvlari oʻtkazish hamda ularning kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalariga taklif kiritish;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan notarial faoliyat masalalari boʻyicha hamkorlik qilish;
- notariuslik faoliyati masalalari boʻyicha (xalqaro) ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa tadbirlar tashkil qilish va oʻtkazish;
- matbaa va noshirlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish (litsenziya asosida).
Notarial palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Manbalar
tahrir- ↑ „PF-5816-сон 09.09.2019. O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida“. lex.uz. Qaraldi: 2024-yil 1-aprel.
- ↑ „54-сон 31.01.2020. O‘zbekiston Notarial palatasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“. lex.uz. Qaraldi: 2024-yil 1-aprel.
- ↑ „343-I-сон 26.12.1996. Notariat to‘g‘risida“. lex.uz. Qaraldi: 2024-yil 1-aprel.