Nuriddin Muhammad ibn Avfiy al-Buxoriy
Nuriddin Muhammad ibn Avfiy al-Buxoriy — (1172—1233) — alloma va muhaddis. Muhammad ibn Avfiy al-Buxoriy 1172-yilda Buxoroda tug‘ilib, 1233-yil Dehlida vafot etgan. Muhammad Avfiy Buxorodagi madrasalarda taʼlim olgan. Uning ustozi Rukniddin Mas’ud Imomzoda Buxoriy, Ali Burhon, Qutbiddin Saraxsiylar edi. Muhammad Avfiy fiqh, hadis, tarix, adabiyot ilmlarini puxta o‘zlashtirgan. Muhammad Avfiy 1204-yilda Xorazmga kelib buyuk avliyo Hazrat Najmiddin Kubro va u kishining shogirdlari bilan hamsuhbat bo‘lgan. U Bag‘dod Nishopur, Marv, Hirot shaharlarida bo‘lgan. Adib bir muddat ona shahri Buxoroga kelib, so‘ng G‘aznaga boradi[1]. O‘rta Osiyoga mo‘g‘ul bosqini boshlanganda Muhammad Avfiy Hindistonga boradi. U Gujarot o‘lkasida qozi ham bo‘lgan. Muhammad Avfiyning „Lubobul albob“, „Javomiul hikoyot“ asarlari mavjud. Muhammad Avfiy ijodi tadqiqotchilari Ilyos Nizomiddinov va Turg‘un Fayziyevlarning aytishicha: "Muhammad Avfiy „Lubobul albob“dan keyin fanning turli sohalari, chunonchi, ilmi nujum, jug‘rofiya, hayvonot dunyosi, tabobat, fiqh, tarix, falsafa va axloqqa oid asarlar, sayohatnomalarni atroflicha tahlil qilish, mashhur olim va fuzalolarda tahsil ko‘rish hamda o‘zi shohid bo‘lgan voqealarni tasnif etish asosida ilmiy asari „Javomiul hikoyot“ni yaratadi. Avfiy u yoki bu hikoyani yozishda uni qaysi asardan olganini aytib o‘tadi. U tilga olgan manbalar 93 ta bo‘lib, ulardan 45 tasining muallifi ham ko‘rsatilgan. Hind olimi Muhammad Nizomiddinning aniqlashicha, Avfiy asarida aytib o‘tilgan 93 asarning 35 tasi bizgacha yetib kelgan, 43 tasi haqida ayrim maʼlumotlar uchraydi va qolgan 15 tasi butkul yo‘qolib ketgan. Avfiyning „Lubobul albob“ kitobi qo‘lyozmasi Manchester va Berlin qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda[2].
Muhaddis | |
---|---|
Ism |
Nuriddin Muhammad ibn Avfiy al-Buxoriy |
Tavalludi |
1172-yil |
Vafoti |
1233-yil |
Falsafa maktabi |
|