Nurmatov Hojiakbar (25.11.1944-03.03.2007, Toshkent) – Oʻzbekiston xalq artisti (1989). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1968). 1966-yildan Hamza teatri (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri)da aktyor. „Alisher Navoiy“ (Uygʻun, I. Sulton) spektaklidagi Moʻmin Mirzo uning sahnadagi ilk obrazidir. Podkolyosin (N. Gogol, „Uylanish“), Frans Moor (Shiller, „Qaroqchilar“), Ibn Sino (Uygʻyn, „Abu Rayhon Beruniy“), Protasov (L. Tolstoy, „Tirik murda“), Nodir (E. Vohidov, „Oltin devor“), Oq yigit (M. Karim, „Oy tutilgan tunda“), Gloster (Shekspir, „Qirol Lir“), Kuyov (U. Nazarov, „Oyna“), Sodiq (Oʻ. Umarbekov, „Qiyomat qarz“), erkak (Sh. Boshbekov, „Takdir eshigi“), Iskandarning otasi (A. Navoiy, „Iskandar“) va boshqa teatrdagi eng yaxshi rollaridan. Videofilmlar: domla („Domla“), mayor Soliyev („Shaytanat“ va boshqalar) va kinoda ham bir qancha rollar oʻynagan: Ravshan („Yigit va qiz“), Doni Islomovich („Bir muddatli daho“), Mahmud („Farishta olov ichra“), Karimov („Abdullajon“), Uka („Kichkina tabib“), Alisher („Osmondagi bolalar“), Murod aka („Kalish“), Aka („Notanish polvon“), Tergovchi („Tuhmat“) va boshqa 2000 ga yaqin film („Ishdagi ishq“, „Olovni boʻysundirish“, „Bobbi“, „Podshoh“, „Qirol Lir“, „Ivan Vasilyevich oʻz kasbini oʻzgartiradi“, „Dallas“, „Mahabharata“ va boshqalar) dublyajida qatnashgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil