Qurol-yarogʻlar

qadimgi misr
(O'qdorilardan yoʻnaltirildi)

Qurol-yarogʻlar – dushmanning jonli kuchlarini, texnikasini safdan chiqarish va inshootlarini vayron qilish uchun moʻljallangan qurilma va vositalarning umumiy nomi. Ibtidoiy jamoa davrida ov va mudofaa ehtiyojlari uchun dastlabki qurollar: soʻyil (yoʻgʻon tayoq), choʻqmor tosh, oʻtkir uchli yogʻoch nayza (keyinchalik temir uch qadalgan), sopqon va nayza uloqtirish moslamasi paydo boʻldi. Mezolit davrida kamon; neolit davrida toshbolta, toʻqmoq, xanjar yasay boshlandi. Temir ishlatish rasm boʻlgach (miloddan avvalgi 1-ming yillik boshi) tigʻli qurollar – qilich va nayzalar tay-yorlana boshladi. Qadimiy sharq davlatlari qoʻshinlarida zalvor tosh va gʻoʻlalarni irgʻituvchi moslama (kata-pulta, manjaniq va boshqalar) keng qoʻllangan. Porox kashf etilgach, oʻtsochar qurollar yasaldi (mas, ilk oʻtsochar qurol – modfani XII asrda arablar yaratishgan). Keyinchalik (XIV, XV va XVI asrlarda) pilta miltiq, toʻppon-cha, artilleriya zambaraklari paydo boʻldi. XIX asr oʻrtalaridan oʻyiq stvolli artilleriya, karabin miltiqlar, minalar, torpedalar yaratildi. XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida avtomat qurollar (pulemyot va boshqalar) paydo boʻldi. XX asr 10-yillarida aviatsiya bombalari yaratildi, kimyoviy qurol va olov purkovchi (ognemyot)lar rasm boʻldi. XX asr 30-yil lari oxiridan reaktiv snaryadlar yaratildi. 1945-yil avgust oyida AQSH qurolli kuchlari Yaponiyaga qarshi yadro quroli qoʻlladi. Qurol-yarogʻ keyingi paytlarda sifat jihatidan takomillashtirib borildi.

Qurol-yarogʻ vazifasi, tuzilishi, qoʻllanish koʻlami va boshqa alomatlari boʻyicha farqlanadi. Vazifasiga koʻra, individual (yakka tartibdagi) va yalpi qirgʻin qurollariga; tuzilishiga koʻra, oddiy (mexanik) va avtomatik qurollarga; qoʻllanish koʻlamiga koʻra, strategik, operativ-taktik va taktik qurollarga boʻlinadi va hokazo. Hozirgi Qurol-yarogʻning turlari: tigʻli va oʻtsochar qurollar (qarang Artilleriya), raketa quroli, reaktiv qurol, minalar, torpedalar, yadro quroli, kimyoviy qurol, bakteriologik qurol. Tigʻli qurollar—pichoq, qilich, xanjar, miltiq shtigi, nayza; oʻtochar qurollar – toʻpponcha, miltiq, pulemyot, toʻp, reaktiv artilleriya (mas, „Katyusha“). Vayronlik keltirish koʻlamiga koʻra, yadro, kimyoviy va bakteriologik qurol-yarogʻ ommaviy (yalpi) qirgʻin qurollari hisoblanadi, boshqa qurol-yarogʻlarning barchasi oddiy qurollar jumlasiga kiradi. Qurol-yarogʻning qoʻzgʻalmas asosga oʻrnatilgan muqim (baʼzi raketa komplekslari turi, qirgʻoq va kazemat arterilleriya toʻplari va boshqalar); harakatlanuvchi asosga oʻrnatilgan muqim (aviatsiya, tank qurol-yarogʻlari), oʻziyurar (toʻplar, raketa komp-lekslari va boshqalar); shatakka olib yuriladigan (artilleriya toʻplari, minometlar), transportga ortiladigan, individual va guruh uchun moʻljallangan xillari bor. Artilleriya oʻqlari, snaryadlar, raketa va torpedalarning jangovar qismlari, aviatsiya va suv osti bombalari, granatalar, minalar, fugaslar, yadro qurollari va boshqa oʻq-dorilar deb ataladi. Qurol-yarogʻ ishlatishda aviatsiya, tank, jangovar kemalar, eltuvchi raketalardan foydalaniladi. Kelgusida shu maqsadda yerning sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanish loyihasi ham mavjud.