Oʻrmon xoʻjaligi instituti
Oʻrmon xoʻjaligi instituti — oʻrmonchilik sohasidagi yirik ilmiy markaz. Toshkentsh.da joylashgan. Dastlab 1932-yilda Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmanistondagi oʻrmon tajriba stansiyalari va tayanch punktlarini oʻz tarkibiga olgan Oʻrta Osiyo oʻrmonchilik markaziy tajriba styasi sifatida tashkil topgan. 1934-yildan Oʻzbekiston fan qoʻmitasi agrooʻrmon melioratsiyasi va oʻrmon xoʻjaligi sektori, 1940-yildan Oʻzbekiston agrooʻrmon melioratsiyasi va oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tekshirish instituti, 1948-yildan Oʻrta Osiyo oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tekshirish instituti, 1992-yildan hozirgi nomda. institut tarkibida (2005): 3 ta ilmiy boʻlim, 8 ta sektor va 2 ta guruh, laboratoriya, patent, ilmiytexnik maʼlumotlar boʻlimi va ilmiy kutubxona mavjud. 4 ta (Chatqol, Qoʻqon, Qoraqum, Mirzachoʻl) tajriba stansiyalari, Buxoro tayanch punkti hamda "Oʻrmonmash" kichik korxonasi, tajriba — ishlab chiqarish xoʻjaligi va tajriba oʻrmon uchastkasi bor. Institutda oʻrmonmeliorativ usullar bilan choʻl yaylovlari samaradorligini oshirish; qumli choʻllarda oʻsimlik (juzgʻun) urugʻi ekadigan mashinalar yaratish; sellar vujudga keladigan manbalarda oʻrmonzorlar barpo etish; xandon pistaning sanoat plantatsiyalarini yaratish; imoratbop teraklarning sanoat plantatsiyalarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqish; oʻsimliklarning genetik resurslarini oʻrganish va respublika florasini saqlash, boyitish, ulardan foydalanish; oʻrmon xoʻjaligi uchun mashinalar sistemasini ishlab chiqish va boshqalar yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Institutda togʻ oʻrmon melioratsiyasi sohasida eroziya va selga qarshi oʻrmon ihotazorlari barpo etish nazariyasi va amaliyoti ishlab chiqildi, togʻ qiyaliklarida lalmi bogʻlar barpo etish, togʻ oʻrmonlarining mahsuldorligini oshirish va qayta tiklash usullari yaratildi. Eroziyaga yoʻl qoʻymaydigan daraxtbutalar turxilini yetishtirish, oʻrmon urugʻchiligi, oʻrmon daraxtlari seleksiyasi, choʻllarni oʻrmonmeliorativ usullari bilan oʻzlashtirish, koʻchma qumlarni mustahkamlash va oʻrmon barpo etish, choʻl oʻrmonlarida xoʻjalik qumlarini mustahkamlash va oʻrmonlar barpo etish, choʻl oʻrmonlarida xoʻjalik ishlari olib borish, choʻl maydonlarida yailov ihotazorlari va meliorativ ozuqalari barpo etish agrotexnikasi, oʻrmon daraxtlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishning zamonaviy usullari ishlab chiqildi. Yongʻoq va pistaning sanoat plantatsiyalarini barpo etish maqsadida qimmatli nav va shakllarni yaratish, qora saksovul va archaning oʻrmonurugʻchilik plantatsiyalarini barpo etish va boshqalar ishlar amalga oshirildi. Mexanizatsiya boʻlimida oʻrmon xoʻjaligida qoʻllaniladigan 20 ga yaqin mashinalar yaratildi. institut faoliyati professorlar V.L.Drobov, V.M.Savich, F.K. Kocherga, V.M.Rovskiy, G.P.Ozolin, M.B. Doshchanov, A.A. Xonazarov, A. K. Qayimov va boshqalar olimlarning nomlari bilan bogʻliq. 2005-yilda institut bazasida Respublika manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi ilmiy — ishlab chiqarish Markazi tashkil etildi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |