Oʻt kislotalar
Oʻt kislotalar — steroid monokarbon va xolat kislota mahsuli. Odam va hayvonlarning jigar hujayralarida ishlanib, oʻt bilan birga oʻn ikki barmoq ichakka quyiladi. Odam oʻti tarkibida, asosan, xolat kislota, oz miqdorda dezoksixolat, litoxolat va xenodezoksixolat kislotalari boʻladi. Oʻt kislotalar ichaklarda yogʻ hazm boʻlishini taʼminlaydi. Yogʻlarni emulsiya holiga keltiradi, ichak lipazasini (meʼda osti bezi va ichak bezlarida ishlanadigan fermentni) faollashtiradi, yogʻ kislotalarning soʻrilishiga yordam beradi, ichak peristaltikasini oshiradi. Oʻt kislotalarning umumiy miqdori qonda oʻrtacha 0,8 mg%, jigar oʻtida — 0,9— 1,8%, oʻt pufagi oʻtida — 5,7 — 10,8%. Qonda Oʻt kislotalar koʻpayib ketganda, siydik bilan chiqib ketadi, kamayishi esa qator oʻzgarishlarga, jumladan, oʻt toshi hosil boʻlishi va boshqalar ga sabab boʻladi.
Inson kislotalari
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |