Oʻtroqlik
Oʻtroqlik — maʼlum bir hududda uzoq vaqt turgʻun hayot kechirish tarzi, koʻchmanchilikning aksi. qadimiy tosh davri (paleolit)ga mansub yodgorliklarda oʻtkazilgan arxeologik qazishmalardan aniqlanishicha, Oʻ. ilk tosh davrining soʻnggi bosqichlaridayoq (miloddan avvalgi 500— 150 ming yilliklar) yuzaga kela boshlagan. Bir necha 100 ming yilliklarni qamragan odamzodning uzoq oʻtmishida hayot taqozosi bilan shakllanib, uning odatiy turmush tarziga aylangan Oʻ., shubhasiz, tabiatning injiq ekologik holati bilan uzviy bogʻliq holda kechgan. Oʻ. shakshubhasiz, dastavval tabiatga mutlaq boqim boʻlgan nochor inson hayotida yemak izlab topish, ularni qoʻlga kiritish va isteʼmol qilishdek tirikchilik yoʻlidagi asosiy muammoni birgalikda koʻpchilik bilan hal qilishda muhim oʻrin tutgan. Shu bilan bir qatorda Oʻ. odamzodning ijtimoiy va maʼnaviy hayotida keskin oʻzgarishlarga olib kelgan. Chunki kishilik tarixining tadrijiy taraqqiyoti davomida Oʻ.ning umumiy holati va hayotiy mohiyati oʻzgarib borgan. Shu boisdan Oʻ. shakllanish, muqimlanish va rivojlanish kabi bosqichlarni oʻtagan.
Arxeologik tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, Oʻ. Oʻzbekiston hududlarida, ayniqsa, oʻrta paleolit davri (mustye — miloddan avvalgi 150—60 ming yilliklar) hamda yuqori paleolit (miloddan avvalgi 50—12 ming yilliklar) mobaynida sodir boʻlgan muzlik davrlarining tabiiy sharoitida muqimlashadi. Uzoq davr davomida bir joyda kechgan oʻtroq ovchilik oqibatida ibtidoyy maskan sahnlari ostida qalin madaniy qatlamlar hosil boʻlgan. Bunday madaniy qatlamlar Oʻ. va u bilan bogʻliq kechgan ibtidoiy odam toʻda va toʻplarining hayotini oʻrganishda nodir manba hisoblanadi. Madaniy qatlam qatlarida saqlangan ashyoviy topilmalar (tosh qurollar, turli xil hayvonlarning minerallashgan suyaklari, oʻsimlik qoldiqlari va boshqalar) ibtidoiy odamlarning turmush tarzi bilan bir qatorda uzoq oʻtmishning tabiati, xususan, ob havosi, flora va faunasining umumiy manzarasidan guvohlik beradi. Mas, Toshkent viloyatining Ohangaron vodiysida Qizilolmasoy yoqasida qayd etilgan Koʻlbuloq makonida oʻtkazilgan arxeologik qazishmalardan maʼlum boʻlishicha, yodgorlik ostida 20 m dan oshiqroq qalinlikda madaniy qatlam yuzaga kelgan. Ashyoviy topilmalarning guvoxlik berishicha, ChatqolQurama togʻ etaklarida qaror topgan bu ibtidoiy maskanda odamzod koʻl yoqasida qariyb 500 ming yil davomida muqim yashab ovchilik bilan shugʻullangan. Jahon arxeologiyasida Koʻlbuloq makoni noyob yodgorliklar qatoridan oʻrin olgan.
Oʻ. davriga mansub yodgorlik Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan Obirahmat gʻorida qayd etilib, oʻrganilgan. U miloddan avvalgi 55—35 ming yilliklarga mansub. Obirahmat gʻorida hosil boʻlgan madaniy qatlamning qalinligi qariyb 10 m ga boradi. Yuqori paleolit davriga oid bu qadimiy maskanda istiqomat qilgan eng qadimiy ovchilar 20 ming yildan ziyodroq muddatda muqim oʻtroq holda turli hayvonlar: arxar, bugʻu va boshqalarni ov qilish bilan kun kechirganlar. Qayd etilgan antropologik (bosh chanoq boʻlagi, tishlar va yelka suyaklar kabi) topilmalar Obirahmat gʻoridan boshpana sifatida foydalanishgan qadimiy ovchilar aqlli odam (poto 8ar1ep8)ga mansub ekanidan dalolat bermoqda. Shubhasiz odam toʻdalarining ming yilliklar osha bir joyda muttasil birgalikda yashashi — Oʻ. tufayli qadimiy odamni hozir zamon insonlari qiyofasiga kirib borishga imkon berdi, balki ayollar bilan erkaklar oʻrtasida mehnat taqsimotini yuzaga keltirib, ularning ijtimoiy hayotiga ham kuchli taʼsir etdi. Oʻ. odam toʻdalari oʻrtasida oila va urugʻdoshlik munosabatlari shakllanishiga olib keldi.
Oʻ. hozirgi Oʻzbekiston hududlarida, ayniqsa, neolit va jez davrlari (miloddan avvalgi 4—2 ming yilliklar)da kengayib, ovchilikdan chorvachilikka, termachilikdan dehqonchilikka oʻtildi. Ayrim vodiy va mintaqalarda bu xoʻjaliklar asosida tarix sahnasida qator arxeologik madaniyatlar shakllandi (qarang Kaltaminor madaniyati, Tuzkon madaniyati, Joytun madaniyati, Sarazm, Sopollitepa, Zamonbobo madaniyati, Tozabogʻyop madaniyati, Suvyorgan madaniyati, Amirobod madaniyati va boshqalar). Daryo vodiylari boʻylab bir nechta oʻtroq qishloqlar yuzaga kelib, ayrim dehqonchilik vohalari shakllana boshladi. Odamzod endilikda tabiat boqimidan, yaratuvchilik bosqichiga koʻchdi. Odamzodning ijtimoiy hayotida urugʻaymoqchilik munosabatlari takomillashib, ota urugʻdoshligi (patriarxat) davri boshlandi. Vohalarda oʻtroq dehqon jamoalari tashkil topdi. Jez davri oxirlarida dehqonchilik va chorvachilik kengayib, xoʻjalik yuritishning hayotiy asosiy yoʻnalishiga aylandi, hunarmandchilikning turli tarmoklari (kulolchilik, misgarlik, yogʻochsozlik, qurolsozlik va boshqalar tarmoqlari) rivoj topdi. Ayni vaqtda ketmon (motiga) bilan ekin yerlarini agʻdarib, ularga ishlov berish, daryo tarmoqlari, soy jilgʻalaridan kanal qazib chiqarib, sugʻorma dehqonchilikka oʻtildi. Surxondaryo vodiysida Sopollitepa va Jarqoʻton, Samarqand yaqinida Sarazm yodgorligida qazib ochilgan guvala va paxsadan bino qilingan bir xonali uy va atrofi devor bilan oʻralgan istehkomli turar joylarning qoldiqlari; Xorazm, Buxoro, Toshkent va Fargʻona vodiysining ayrim tumanlarida tadqiq etilgan yarim yertoʻla shaklidagi boshpanalar; mehnat va jangovar qurollar, zebziynat buyumlari, yorgʻuchoq va yorma toshlar hamda sugʻorish tarmoqlarining quruq izlari miloddan avvalgi 2 ming yillikka mansub oʻtroqlikning ashyoviy qoldiqlaridir.
Miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshlari (temir davri)da ishlab chiqaruvchi xoʻjaliklarda qurol va asboblar yasashda temirdan foydalanishga oʻtilishi, dehqonchilik va chorvachilikdan hunarmandchilikning alohida xoʻjalik sifatida ajralishi taraqqiyotning turli tarmoqlari rivoj topib, qadimiy shaharlar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Kesh, Naxshab, Kat va boshqalar) qad koʻtaradi. Oʻtroq sugʻorma dehqonchilik madaniyati kengayishi asosida oʻtroq qishloq jamoalari rivojlanish yoʻliga oʻtib, u oʻtroq, dehqonchilik, shaharsozlik va dasht yoʻli boʻylab chorvachilik kabi 3 yoʻnalishda taraqqiy eta boshlaydi. Shunday qilib, Oʻ. tufayli tamaddunga asos solinadi. Natijada shaharsozlik rivoj topib, shaharlarning soni ortadi va gavjumlashadi. Hatto yirik shaharlar ayrim dehqonchilik vohalarining markaziga aylanadi. Shaharlarda ichki ayirbosh savdo va mintaqalararo tashqi savdo yuzaga keladi. Shu bilan bir qatorda daryo va soylardan yirik sugʻorish t|armoqlari chiqarilib, sugʻorma dehqonchilik maydonlari kengayadi, mulkchilikning jamoa, xususiy va ibodatxonalarga tegishli yerlar kabi turli shakllari paydo boʻladi/ Ayrim voha, elyurt boshqaruvining oʻziga xos tizimlari yuzaga kelib, dastlabki harbiy demokratik davlatlar tashkil topadi (Xorazm, Baqtriya davlatlari, Sugʻd va Choch konfederatsiyasi va boshqalar).
Qad. va oʻrta asrlar davomida Markaziy Osiyoning keng hududlarini oʻz tasarrufi ostida birlashtirgan va 3 taraqqiyot yoʻnalishi (oʻtroq dehqonchilik, shaharsozlik, koʻchmanchilik) asosida shakllanib rivoj topgan Qangʻ, Kushon, Eftaliylar, Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Amir Temur va Temuriylar kabi yirik davlatlar tashkil topadi.
Shubhasiz, bu davrlarda vodiy va voha aholisining asosiy qismi (xorazmliklar, baxtarliklar, sugʻdiylar, fargʻonaliklar va chochliklar) oʻtroq yashab, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan hayot kechirganlar. Vohalarga tutashgan dashtu choʻllarda istiqomat qilgan qabilalar esa chorvachilik bilan shugʻullanib, oʻtloq yaylovlar oralab bir yerdan ikkinchi yerga koʻchib yurganlar. Vohalar atrofida yaryuvchi aholi esa yarim Oʻ.da yashab, ularning xoʻjaligida chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik ham muhim oʻrin tutgan. qadimiy va oʻrta asrlarda hunarmandchilik, dehqonchilik mamlakatlararo tashqi savdo aloqalarining yanada kengayib gavjumlashuvi bilan Oʻ. yanada kuchayib, dehqonchilik qishloqlari va hunarmandchilik shaharlarining soni koʻpayib, ular gavjumlashgan. Biroq, aholining maʼlum bir qismi (asosan, choʻl va dashtliklar) to 20-asrga qadar koʻchmanchilik bilan kun kechirganlar. Yillar oʻtishi bilan, oʻtroq xalqlar madaniyatining taʼsiri ostida, koʻchmanchi va yarim oʻtroq boʻlib qolgan aholi vohalar atrofidagi joylarni egallab, shu yerlarda asta-sekin oʻtroqlashib qolgan.
Oʻzbek xalqining asosiy qismi qadimdan oʻtroq yashab kelgan. Bular yuqori madaniyatga erishgan Oʻrta Osiyo xalqlari boʻlib, dehqonchilik, hunarmandchilik, meʼmorlik, yozuv va boshqalar madaniyat turlari juda taraqqiy etgan. U dehqonchilik, hunarmandchilik va shaharsozlik madaniyatini yuqori darajaga koʻtarib, yuksak davlatchilikni barpo etgan.
Ad:. Gumilev L.N., Drevniye tyurki, M., 1961; Suleymanov R.X., Statisticheskoye izucheniye kulturm grota ObiRaxmat, T., 1972: Buniyotov Z.M., Anushtegin Xorazmshohlar davlati (1087—1231), T., 1998; Grot ObiRaxmat, Novosibirsk, 2004.
Abdulahad Muhammadjonov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |