Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi ilmiy tadqiqot instituti — genetik injeneriya, biotexnologiya, genetika, oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi, qishloq xoʻjaligi ekinlari agrobiologiyasi boʻyicha yirik ilmiy va muvofiqlashtiruvchi markaz. 1997 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genetika instituti va Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining qoʻshilishidan tashkil topgan (Genetika instituti 1992 yilda Oʻrta Osiyo fitopatologiya ilmiy tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi institutlari tarkibidagi bir necha turli laboratoriya.lar bazasida tashkil etilgan). Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan. Institut tarkibida 20 laboratoriya., 0,8 ga maydonli fitotron, ilmiy jihozlarni taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻlimi, Fargʻona filiali, Sirdaryo tayanch punkti, 2 eksperimental baza va Piskent tumanida Doʻstbekov nomidagi jamoa xoʻjaligi bor. Institutga dala tajribalari uchun 23 ga, keng mikyosdagi dala tajribalari uchun 600 ga yer (Sirdaryo viloyatida) ajratilgan. Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari: molekulyar-genetik va gen injeneriyasi tadqiqotlarini qoʻllagan holda transgen oʻsimliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar olish biotexnologiyasini yaratish boʻyicha idoralararo "Gen injeneriya markazi" dasturini amalga oshirish; genetika yutuqlari negizida gʻoʻza, bugʻdoy, makkajoʻxori va b. ekinlarning yangi navlarini yaratish, respublikada tarqalmagan ekinlar institutroduksiyasi; oʻsimliklar genetik resurelarini saqlash va ulardan foydalanish sohasida fundamental tadqiqotlar oʻtkazish; oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi sohasida shoʻrga, qurgʻoqchilikka chidamlilik mexanizmlarini aniqlash, ontogenezni boshqarish boʻyicha tadqiqotlar olib borish; qishloq xoʻjaligida pestitsidlarni qoʻllashning viruslar, mikroorganizmlar, hayvonlar va oʻsimliklar irsiy apparatiga taʼsirini oʻrganish; mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan pestitsidlar, oʻstirish stimulyatorlari, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari sinovini tashkil etish va b.

Institutda yirik ilmiy yoʻnalishlar va maktablar shakllandi; miqdoriy belgilarga koʻra gʻoʻza genetik kolleksiyasi, qimmatli xoʻjalik belgilarining irsiylanishi va oʻzgaruvchanligi oʻrganildi (akad. J. A. Musayev); sitoembriologik, genetik, kariologik, anatomik usullar bilan jahon gʻoʻza genofondi kolleksiyasi yaratildi (akad. A. A. Abdullayev), gʻoʻza, mosh, bodring transgen oʻsimliklari olindi (A. Abdukarimov); yangi gʻoʻza navlarini yaratishda geterozis hodisasidan, radiatsiya va kimyoviy mutagenezdan foydalanish yoʻllari (N. N. Nazirov, O. Jalilov), gʻoʻza genomi tuzilmasi va funksional faolligi oʻrganildi (A. P. Ibrohimov) va b. Institutda gʻoʻzaning 30 dan ortiq rayonlashtirilgan navlari yaratilgan (Toshkent gʻoʻza navlari, AN gʻoʻza navlari, Yulduz va b.). Institut faoliyati F. M. Mauyer, S. S. Sodiqov, S. X. Yoʻldoshev, S. M. Mirahmedov, V. S. Shardakov, V. L. Golodkovskiy, J. A. Musayev, A. A. Abdullayev, M. V. Muhammadjonov, A. A. Abdukarimov, O. J. Jalilov, I. A. Vlasova, A. P. Ibrohimov, H. S. Samiyev va b. olimlar nomi bilan bogʻliq. Institutda aspirantura bor. Ilmiy toʻplamlar nashr etadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil