Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi H. M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti — Oʻzbekistondagi yirik ilmiy tadqiqotlar muassasalardan biri. 1937-yil Oʻzbekiston XKS qoshidagi Oʻzbekiston fanlar komiteta (1943-yildan, UzFA)ning geologiya va mineral resurslar ilmiy tadqiqotlar sektorlarining gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi negizida Toshkent shahrida tashkil etilgan. 1959-yilda institutdan Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi, 1960-yilda Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi institutlari ajralib chikdi. 1962-yilda institutga H. M. Abdullayev nomi berilgan. 1966-yilda institutning seysmologiya boʻlimi asosida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya ilmiy tadqiqotlar instituta tashkil etildi.
Institutning ilmiy yoʻnalishlarini belgilashda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akad.lari H. M. Abdullayev, A. S. Uklonskiy, Gʻ. O. Mavlonov, V. I. Popov, I. Hamroboyev, O. M. Akramxoʻjayev, F. A. Usmonov, T. N. Dolimos, muxbir aʼzolari E. M. Isamuhamedov, A. V. Korolev, Ye. M. Butovskaya, O. M. Borisov; fan doktorlari M. O. Ahmadjonov, S. T. Badalov, Q. L. Boboyev, N. P. Vasilkovskiy, M. 3. Zokirov, P. V. Pankratyev, A. V. Pokrovskiy, R. A. Musin, M. I. Ismoilov, fan nomzodlari N. P. Petrov, A. A. Kreyter va b. salmoqli hissa qoʻshdilar.
Institutdagi barcha ilmiy tadqiqotlarlar 11 laboratoriya.da olib boriladi. Institut Oʻzbekistonda geologiya fanining turli yoʻnalishida olib borilgan fundamental tadqiqotlarning markazi boʻlib keldi. Xususan rudali konlarning tarqalish qonuniyatlarini oʻrganadigan fan — metallogeniyaning asoschilaridan biri H. M. Abdullayevning geologiya fanining rivojlanishidagi xizmatlari beqiyos boʻldi. 1990-yillarda institutda metallogeniyaning yangi yoʻnalishi — statistik metallogeniyaga asos solindi. Institut Oʻzbekiston va Urta Osiyoda tadqiqotlar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi bosh tashkilot hisoblanadi (Urta Osiyo petrografiya qoʻmitasi tashkil etilgan). Institutda geologiyaning termometriya (termobarokimyo), mutlaq geoxronologiya (izotoplar geologiyasi), biokimyo, eksperimental petrografiya va mineralogiya, matematik geologiya, mikromineralogiya, texnologik geokimyo kabi yangi yoʻnalishlari tashkil qilindi. Yer poʻstining chuqur qismlari va yuqori mantiyasini kompleks oʻrganish (I. H. Hamroboyev, Ye. M. Butovskaya) "Yuqori mantiya", "Pomir-Himolay loyihasi", "Litosfera" xalqaro dasturlari doirasida amalga oshirildi. Bu tadqiqotlar natijasida Oʻrta Osiyoda Yer poʻstining chuqur qismlari haqida dastlabki maʼlumotlar olindi. Institutda geologiya fanining fundamental yoʻnalishlari amaliyot bilan uzviy bogʻliq holda olib boriladi. Oʻzbekistonda bir qancha rudali maydonlar oʻrganildi, is-tiqboli aniqlandi. Muruntov, Charmiton, Koʻkpatos oltin konlari, Shovozsoy litiy koni ochildi. Institut Olmaliq, Navoiy va Marjonbuloq kon-metallurgiya kombinatlarining texnologik liniyalari qurilishida ishtirok etdi.
1990-yillarda institutda mineral xom ashyolarni baholash va qayta ishlash texnologiyalarini mineralogik-geokimyoviy asoslari boʻyicha yangi yoʻnalish tashkil qilindi.
Institutda qariyb 170 xodim, jumladan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akad., 16 fan doktori va 34 fan nomzodi xizmat qiladi (2001). Bular orasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arboblari (I. H. Ham-roboyev, S. T. Badalov, Ye. M. Butovskaya, F. A. Usmonov), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan geologlar bor. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarlar 5-marta A. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofo-ti bilan takdirlangan (1970, 1977, 1981, 1986, 1988). Ayni paytda institutda xalqaro dastur boʻyicha ham ilmiy tadqiqotlar ishlari bajariladi. 12 mamlakat (AQSH, Kanada, Xitoy va b.) bilan hamkorlikda Yer poʻsti chuqur qatlamlarining tuzilishi bilan metall konsentratsiyalarining oʻzaro bogʻliqligi; Fransiyaning Grenobl universiteti olimlari bilan hamkorlikda neft-gazli hududlarda texnogen zilzilalarning vujudga kelish omillari va ularni bashoratlash; Germaniya (Bavariya yeri)dagi Bayryoyt universiteti bilan hamkorlikda muzliklarning iqlim, tuproq hosil boʻlishiga va ekologiya taʼsiri muammolari ustida ilmiy tadqiqotlar ishlari bajarilmoqda.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |