Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi M. T. Oʻrozboyev nomidagi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti — mexanika muammolari, paxta terish mashinasi mexanikasi, bino va inshootlarning zilzilaga chidamliligi, muhitlar mexanikasi masalalari bilan shugʻullanadigan ilmiy tadqiqotlar muassasasi.

Dastlab Inshootlar instituti nomi bilan Toshkentda 1947-yil tashkil qilingan, 1959-yil shu institut laboratoriyalari asosida Qurilish va arxitektura ilmiy tadqiqotlar institutiga aylantirilgan. Oʻsha yili bu institutning qurilish mexanikasi, gruntlar mexanikasi laboratoriyalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Matematika va mexanika institutining aerodinamika laboratoriya hamda paxta terish mashinalari boʻlimlari qoʻshilib, Mexanika instituti tashkil qilindi. 1963-yil shu institut qoshida hisoblash markazi tuzildi va institut Mexanika instituti va qisoblash markazi deb ataldi. 1966-yildan hozirgi nomi bilan yuritiladi, 1970-yil institut asoschisi M. T. Oʻrozboyev nomi berilgan.

Institutda 8 laboratoriya, ilmiytexnika axboroti va patent, litsenziya boʻlimi, aspirantura, doktorantura, mexanika ustaxonasi, kutubxona (50 ming kitob) bor (2003). Institutda konstruksiyalar va inshootlarning mustahkamligi va seysmodinamikasiga, koʻp fazali va kup komponentli muhitlarga, paxtachilik, yengil sanoat va transport kompleksidagi mashina va mexanizmlar tizimlari nazariyalariga oid ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boriladi. Institutning asosiy ilmiy yoʻnalishlari: seysmik mustahkamlik; mexanizmlar va paxta terish mashinalari nazariyasi; koʻp komponentli muhitlar mexanikasi. Institutda 135 dan ortiq xodim faoliyat koʻrsatadi (2003).

Institut faoliyati K. Bo-bomurodov, A. D. Glushchenko, A. A. Ilyushin, O. V. Lebedev, R. Muxitdinova, V. T. Rasskazovskiy, X. Raxmatullin, T. Rashidov, A. A. Rizayev, H. Usmonxoʻjayev, M. Oʻrozboyev, J. Fayzullayev, V. Krbulov va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil