Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi

Iqtisodiy protsessual kodeks — iqtisodiy sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar yigʻindisi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik buyruqqa, daʼvo ishini yuritishga oid va alohida toifadagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi. Iqtisodiy protsessual huquq, garchi boshqa huquq sohalari kabi qadimiy va tarixiy boʻlmasa ham bugungi kunda odil sudlov tizimida oʻz oʻrniga va oʻziga xos protsessual mexanizmga ega. Iqtisodiy protsessual huquq oʻzining konstitutsiyaviy asoslariga ega va bu asoslar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻz ifodasini topgan. Iqtisodiy protsessual huquq predmeti doirasida qamrab olinayotgan munosabatlar, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq nizolarni hal etish, mamlakatimiz iqtisodiyoti sohasida vujudga keladigan iqtisodiy nizolarni hal etish va mamlakatimiz iqtisodiyotini boshqarish jarayonida vujudga keladigan munosabatlar hisoblanadi.

Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning turlariga quyidagilar kiradi:

  • daʼvo tartibida yuritiladigan ishlar;
  • sud buyrugʻini berishga oid ishlar;
  • bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar;
  • yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar;
  • hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bogʻliq ishlar;
  • korporativ nizolar boʻyicha ish yuritish;
  • investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar;
  • raqobatga oid ishlar;
  • huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar;
  • chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni yuritish.

Iqtisodiy sud ishlarini yuritish vazifalari

tahrir

Iqtisodiy protsessual kodeksning 2-moddasida iqtisodiy sudda sud ishlarini yuritish vazifalari koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra:

  • iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;
  • iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga koʻmaklashish;
  • qonunga va sudga nisbatan hurmatda boʻlish munosabatini shakllantirishdan iborat.

Iqtisodiy protsessual huquqining prinsiplari

tahrir

Iqtisodiy protsessual huquqining prinsiplari qonunda mustahkamlangan, protsessual institutlarning barcha tizimlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan, iqtisodiy ishlarini toʻgʻri, oʻz vaqtida koʻrib chiqish va hal etishda odil sudlovni taʼminlaydigan asosiy rahbariy qoidalardir.

Iqtisodiy protsessual huquqining konstitutsiyaviy prinsiplariga:

  • odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi;
  • qonun va sud oldida tenglik;
  • sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi;
  • sud muhokamasining oshkoraligi;
  • sud ishlari yuritiladigan til;
  • sudda ish koʻrishning oshkoraligi kiradi.

Sudyani rad qilish

Sudya quyidagi hollarda ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:

1) mazkur ish ilgari ko‘rilganda sudya sifatida ishtirok etgan bo‘lsa va ishni ko‘rishda uning takroriy ishtirok etishiga ushbu Kodeks talablariga muvofiq yo‘l qo‘yilmasa;

2) mazkur ish ilgari ko‘rilganda unda hakamlik sudi sudyasi, arbitr, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisi kotibi, vakil yoki guvoh sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;

3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa;

4) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa;

5) ishni ko‘rayotgan hay’at tarkibidagi sudyaning qarindoshi bo‘lsa.

Manbalar

tahrir