Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus turidir[1].
![]() | |
![]() | |
Qisqartma | OʻzR MG |
---|---|
Turi | harbiy tuzilma |
Sanoat | mudofaa |
Maqomi | amalda |
Ishga tushgan sanasi | 2017-yil 5-avgust |
Hududiy xizmati |
![]() |
Qoʻmondoni | Rustam Joʻrayev |
Ishchilar soni | 30000 |
Vebsayti | milliygvardiya.uz |
![]() |
Milliy gvardiyaning rasmiy nomi:
davlat tilida:
to‘liq nomi – “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi”;
qisqartirilgan nomi – “Milliy gvardiya”;
ingliz tilida:
to‘liq nomi – “The National Guard of the Republic of Uzbekistan”;
qisqartirilgan nomi – “National Guard”;
rus tilida:
to‘liq nomi – “Национальная гвардия Республики Узбекистан”;
qisqartirilgan nomi – “Национальная гвардия”.
Tarixi
tahrir1991 yil 25 avgustda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining Farmoni[2] bilan Respublika Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston SSR ning qonuniy tasarrufiga olinib, O‘zbekiston hududida joylashgan "SSSR" Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirildi. Shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo‘shilmalari partiyadan holi qilinib, ko‘rsatilgan idoralar va muassasalarda siyosiy partiyalar va harakatlarning yangi tashkiliy tuzilmalarini vujudga keltirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi 1991 yilning 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik deklaratsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonotiga asoslanib, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” Qonunni qabul qilindi[3]. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab, 6-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmat tashkil etish huquqiga ega” ekanligi mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini hamda respublikaning hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadida 1991 yilning 6 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuziish haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni[4] tasdiqlanib, Vazirlar Mahkamasiga mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilish vazifasi yuklatildi. Prezidentning 1991 yil 10 sentyabrdagi 245-son Farmoni bilan Mudofaa ishlari vaziri tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 1991 yilning 25 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi masalalari” haqida qarorni[5] qabul qilib, ushbu qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi to‘g‘risida nizom” ham tasdiqlandi. Mazkur Nizomga ko‘ra Mudofaa ishlari vazirligi respublika hududida joylashgan SSSR Mudofaa vazirligi va ichki qo‘shinlar harbiy qismlarini, qo‘shilmalarini tuzishda va ularga rahbarlik qilishda faqat ishtirok etishi belgilanib, huquqlari doirasiga esa Milliy gvardiyani butlash, chaqiriladigan yoshlarni tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoyalash, zaxiradagi harbiy xizmatga majburlarni o‘qitish, muqobil xizmatni tashkil etish, fuqaro mudofaasiga rahbarlik qilish masalalari kiritildi. Vazirlikka asosiy vazifalarini bajarish uchun Milliy gvardiyani butlash, uni o‘qitishni va jangovar tayyorgarlikni ta’minlashni tashkil etishi, Mudofaa ishlari vaziriga esa o‘ziga bo‘ysunadigan tuzilma bo‘linmalarining barcha faoliyatiga rahbarlik qilish topshirildi.
1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” Qonunning[6] 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i chet eldagi respublikaga qarashli bo‘lgan, rasmiy shaxslar sifatida O‘zbekiston Respublikasining mudofaa ishlari vaziri - Milliy gvardiya qo‘mondoni tushgan dengiz kemalarida va daryo kemalarida va boshqa harakatlanish vositalarida ko‘tarilishi belgilandi.
1992 yilning 23 yanvar kuni davlat mustaqilligini, fuqarolarning konstitutsion huquqlari va erkinliklarini va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 3408-harbiy qismi negizida O‘zbekiston Respublikasining Milliy gvardiya brigadasini tuzish haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qarori[7] tasdiqlanib, unga asosan harbiy qismning butun shaxsiy tarkibi, qurol-yarog‘i, texnikasi va boshqa mol-mulki bilan birgalikda Mudofaa ishlari vazirligi ixtiyoriga berilib, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtining binolari va inshootlari kompleksi ham Mudofaa ishlari vazirligining balansiga o‘tkazildi.
1992 yilning 3 iyul kuni “Mudofaa to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 12-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlar, harbiy-havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari, maxsus qo‘shinlar va Milliy gvardiyadan[8] iborat bo‘lishi ta’kidlandi.
Dastlab davlat mustaqilligini, fuqarolarning konstitutsion huquqlari va erkinliklarini va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadida tuzilgan Milliy gvardiyaga 1993 yilga kelib qo‘shimcha vazifalar ham yuklatila boshlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi tarkibi haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi to‘g‘risida Nizom”ga[9] asosan mazkur Komissiyaga zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarini va Milliy gvardiya qo‘shinlarini avariyalar, falokatlar, ekologik va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatishga, favqulodda vaziyatlar zonalarida jamoat tartibini saqlashni va aholining hayoti uchun zarur bo‘lgan hamda xalq xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza qilishni ta’minlashga jalb etish haqida belgilangan tartibda taklif kiritish vakolati berildi.
1995 yil 30 avgust kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga va respublikaning harbiy xavfsizligiga tajovuzlarga qarshi harakatlarni tashkil etishda mamlakatni mudofaaga tayyorlash borasidagi davlat faoliyatini, O‘zbekistonning hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun Qurolli Kuchlarni qo‘llashni tartibga soluvchi qonunlariga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori[10] bilan “O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasi”[11] qabul qilinib, 1995 yilning 26 sentyabr kunidan kuchga kiritildi. Doktrinada Qurolli Kuchlar qurilishi va ularni strategik qo‘llash prinsiplari belgilanib, O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy-havo kuchlari, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari, Maxsus va muhandislik-qurilish qo‘shinlari hamda Milliy gvardiyadan iborat ekanligi mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning avgust oyidagi tegishli farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini himoya qilish, fuqarolarning konstitutsion huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Ichki vazifalarni bajaruvchi bo‘linmasi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining maxsus brigadasi bazasida[12] O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qaytadan shakllantirildi.
2018-yilda ichki ishlar tizimidagi harbiy texnika oliy bilim yurti Milliy gvardiya harbiy texnika instituti etib qayta tashkil etildi. 2019-yil yanvar oyida Ichki ishlar vazirligining Qoʻriqlash bosh boshqarmasi Milliy gvardiya tarkibiga oʻtkazildi[13].
2021-yil 3-mart kungi Oʻzbekiston prezidenti qaroriga muvofiq, Nukus, Fargʻona va Jizzaxda mintaqaviy oʻquv markazlari ochildi[14].
Asosiy vazifalari
tahrirJismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish[15];
terrorizmga qarshi kurashishda, shuningdek terrorchilik harakatlarining hamda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish, surishtiruv o‘tkazish, jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish;
davlat obyektlarini, o‘ta muhim, toifalangan obyektlarni hamda boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash;
qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish;
jamoat tartibini saqlash, shu jumladan ommaviy tadbirlar, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazilayotganda hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash;
favqulodda holat, alohida davr va terrorchilikka qarshi operatsiyalarni o‘tkazish sharoitlarida huquqiy rejimni ta’minlash;
qo‘riqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish;
chet davlatlarning rasmiy vakillarini, oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olishda va kuzatib qo‘yishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi tantanali tadbirlar chog‘ida rasmiy marosimlarni o‘tkazish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida aholi punktlaridagi jamoat joylarida patrullik qilish;
O‘zbekiston Respublikasining hududiy mudofaasi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini jangovar qo‘llash rejalari bo‘yicha maxsus vazifalarni hal etish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishda ko‘maklashish.
Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
Iqtiboslar
tahrirXavfsizlik kengashining 2018 yilning 10 yanvar kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida, Prezident Sh.Mirziyoev Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari va davlat va jamoat xavfsizligi sohasida oxirgi yillarda yuz bergan muammolar haqida:
“Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. Ma’lumki, bu maxsus harbiy bo‘linma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan. Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini ta’minlash tizimidagi muhim bo‘g‘inga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi. Afsuski, oxirgi 15-20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga noto‘g‘ri yondashuv tufayli bu muhim masala e’tiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha e’tibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi bo‘lmagan, bu masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘linmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lib kelgan. Shu sababli ushbu bo‘linmalar o‘z o‘rnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash bo‘yicha o‘quv mashqlari deyarli o‘tkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur bo‘lgan paytda turli byurokratik to‘siqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan”[16].
Yana qarang
tahrir- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni
- Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati
- Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi
Manbalar
tahrir- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida Qonuni“ (2021-yil 20-may). Qaraldi: 6-may.
- ↑ „O‘zbekiston SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI Prezidentining 1991-YIL 25 AVGUSTDAGI Farmoni“ (1991-yil 25-avgust). 1991-yil 25-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MUSTAQILLIGI ASOSLARI TO‘G‘RISIDA qonuni“ (1991-yil 31-avgust). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA IShLARI VAZIRLIGINI TUZISh TO‘G‘RISIDA Farmoni“ (1991-yil 6-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ [https://lex.uz/docs/-1032900?ONDATE=25.10.1991 „O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarori O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA IShLARI VAZIRLIGI MASALALARI“] (1991-yil 25-oktyabr). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG‘I TO‘G‘RISIDA qonuni“ (1991-yil 18-noyabr). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MILLIY GVARDIYASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA qarori“ (1992-yil 23-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „Закон Республики Узбекистан Об обороне“ (1992-yil 6-avgust). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING FAVQULODDA VAZIYATLAR BO‘YIChA KOMISSIYASI TARKIBI HAQIDA qarori“ (1993-yil 2-aprel). Qaraldi: 06.05/2025.
- ↑ „Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ҲАРБИЙ ДОКТРИНАСИ ТЎҒРИСИДА Қарори“ (1995-yil 26-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING HARBIY DOKTRINASI“ (1995-yil 26-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ МИЛЛИЙ ГВАРДИЯ ТАРИХИ ВА ФАОЛИЯТИ“. Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ „Президент қарори билан Миллий гвардия қўриқлаш хизмати Бош бошқармага айлантирилди“. Bugun.uz. 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 23 февраль.
- ↑ „Президент қарори билан Нукусда Миллий гвардиянинг минтақавий ўқув маркази ташкил этилди“. Bugun.uz. 2021-yil 14-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 5 март.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida Qonuni“ (2021-yil 20-may). Qaraldi: 2025-yil 6-may.
- ↑ [// https://sputniknews.uz/docs/terms_of_use.html „Миллий гвардия жамоат тартибини сақлаш билан шуғулланади,Sputnik янгиликлар агентлиги.“] (2018 yilning 10 yanvar). 2018 yilning 10 yanvarda asl nusxadan [// https://sputniknews.uz/docs/terms_of_use.html arxivlangan].