Obidiy Ismoil Eldinovich (1880, Gʻulja — 1941/42, Krasnoyar oʻlkasi) — jurnalist, jamoat arbobi, oʻzbek davriy matbuotining asoschilaridan biri. Gʻuljadagi Rossiya elchixonasi xodimi oilasida tugʻilgan. Otasi vafotidan keyin 1890-yilda onasi bilan birga Qozonga koʻchib kelgan va shu yerdagi real bilim yurtida oʻqigan. Inqilobiy kayfiyatdagi yoshlar guruhiga mansub boʻlganligi uchun 1900-yilda Bishbek shahriga surgun qilingan. Oradan bir yil oʻtgach, Peterburgga borib, haykaltaroshlik va meʼmorlik bilim yurtida oʻqigan (1901 — 1905). 1905-yil voqealarida qatnashgani uchun 3 yilga Turkiston (Toshkent)ga surgun qilingan. Obidiy Toshkentda oʻzbek, tatar va rus maʼrifatparvarlari yordamida 1906-yil boshlarida Toshkent jadidlarining "Taraqqiy" gazni chiqargan. Uning muharriri Obidiy toshkentlik jadidlar oʻrtasida "Ismoil Taraqqiy" nomi bilan mashhur boʻlgan. Obidiy 1912—17-yillarda turli joylarda ishlaydi. 30-yillarning oʻrtalarida Abdulla Qodiriy bilan yaqinlashib, uning "Obid ketmon" qissasini rus tiliga tarjima qiladi.

Oʻz oldiga faqat chorizmga qarshi kurash vazifasini qoʻygan Obidiy Oktyabr toʻntarishidan keyin bolsheviklar foydasiga xizmat qiladi. Shunga qaramay, 1938-yil 13-yanvarda eserlar partiyasining sobiq aʼzosi va yapon razvedkasining josusi sifatida qamoqqa olinadi va 1940-yil 9-fevralda Krasnoyar oʻlkasiga 5 yilga surgun qilinadi.[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil