Odisseya
Odisseya (lotincha: Odessea, Odyssia, /ˈɒdɪsi/;[1] qadimgi yunoncha: Ὀδύσσεια) – yunon epik dostoni. Muallifligi Gomerga nisbat beriladi. Miloddan avvalgi taxminan 9— 8-asrlarda paydo boʻlgan „Iliada“ dostonidan keyin yaratilgan. Gekzametr (musaddas oʻlchovi)da yozilgan (12100 misra). Odisseya negizida dunyoga mashhur shunday folklor syujeti yotadi: uzoq darbadarlikdan soʻng sadoqatli rafiqasi Penelopa oldiga tanib boʻlmaydigan holda eri – Odissey qaytib keladi. Odissey obrazida qaxramonlik sifatlaridan koʻra uning aql-zakovati, epchilligi, tadbirkorligi ustun turadi. Odisseyada maishiy kartinalar va ertak unsurlari „Iliada“dagiga qaraganda koʻproq. Doston qadim zamonlardayoq yunon xalqining muqaddas va moʻtabar kitobiga aylangan. Koʻp tillarga tarjima qilingan. Ayrim parchalari oʻzbek tilida Mirtemir tarjimasida nashr etilgan[2].

Odisseya yunon qahramoni va Itaka qiroli Odisseyning oʻn yil davom etgan Troya urushidan soʻng vataniga qaytish sayohati haqida hikoya qiladi. Troyadan Itakagacha boʻlgan yoʻli yana oʻn yil davom etadi. Bu vaqt mobaynida u koʻplab xavf-xatarlarga duch keladi va barcha hamrohlari halok boʻladi. Odisseyning uzoq vaqt yoʻqligi sababli, uni vafot etgan deb oʻylashadi. Shu sababli, Odisseyning xotini Penelopa va oʻgʻli Telemax Penelopa bilan turmush qurish uchun raqobatlashayotgan bir toʻda bebosh kuyovlikka nomzodlar bilan kurashishga majbur boʻladi.
Odisseya dastlab miloddan avvalgi VIII yoki VII asrlarda yunonchada yozib olingan va miloddan avvalgi VI asr oʻrtalariga kelib yunon adabiyoti naʼmunasiga aylangan. Qadimda Gomerning muallifligi haqiqat deb qabul qilingan, biroq zamonaviy ilm-fan „Iliada“ va „Odisseya“ uzoq ogʻzaki anʼanalarning bir qismi sifatida alohida yaratilgan degan taxminlarni ilgari suradii. Keng tarqalgan savodsizlikni hisobga olgan holda, doston tinglovchilar uchun aoidos yoki rapsod tomonidan ijro etilgan.
Dostonning asosiy mavzulari nostos (νόστος; ’qaytish’, vatanga qaytish), sargardonlik, kseniya (ξενία; ’mehmon-doʻstlik’), qahramonlarni sinovdan oʻtkazish va turli bashoratlarni oʻz ichiga oladi. Olimlar hamon asardagi ayollar va qullar kabi baʼzi guruhlarning hikoyadagi ahamiyatini oʻrganmoqdalar, chunki bu guruhlar Odisseyada qadimgi adabiyotning boshqa asarlariga nisbatan muhimroq rol oʻynaygan. Bu eʼtibor, ayniqsa, Troya urushi davrida askarlar va podshohlarning jasoratlariga qaratilgan Iliada bilan taqqoslaganda anchagina eʼtiborga molikdir.
„Odisseya“ Gʻarb adabiyotining eng muhim asarlaridan biri sanaladi. „Odisseya“ning ingliz tiliga ilk tarjimasi XVI asrda amalga oshirilgan. Turli ommaviy axborot vositalari orqali uning davrga moslashtirilgan va qayta yaratilgan talqinlari ishlab chiqarishda davom etmoqda. 2018-yilda BBC Culture dunyo boʻylab mutaxassislar orasida adabiyotdagi eng davomli hikoyani aniqlash maqsadida soʻrovnoma oʻtkazganida, „Odisseya“ roʻyxatning yuqori pogʻonasidan joy olgan[3].
Tuzilishi
tahrir„Odisseya“ asari daktil geksametr, boshqacha aytganda Gomer geksametri deb ataluvchi usulda yozilgan boʻlib, jami 12109 misradan iborat[4][5]. Asar medias res uslubida, yaʼni voqealar rivoji oʻrtasidan boshlanib, oldingi hodisalar xotiralar va hikoyalar orqali tasvirlanadi[6].
„Odisseya“ 24 kitobdan iborat. Baʼzi olimlar bu boʻlinishni yunon alifbosining 24 ta harfiga bogʻliq deya hisoblashgan boʻlsa-da, zamonaviy tadqiqotlar bu aloqani oldingi olimlar tomonidan yaratilgan tarixiy asosga ega boʻlmagan uydirma deya baholagan[7]. Alohida kitoblarga ajratish, ehtimol, asar yozilgandan ancha keyin amalga oshirilgan boʻlishi mumkin, ammo bugungi kunda bu holat zamonaviy tuzilishning bir qismi sifatida qabul qilinadi. Qadimgi Yunonistonda baʼzi kitoblarga alohida nomlar berilgan. Telemaxning nuqtai nazariga qaratilgan 1–4-kitoblar „Telemaxiya“ deb ataladi[8]. Ayrim olimlar bular dostonga keyinchalik qoʻshilgan deb hisoblasa, boshqalari esa keyingi qismlar ularsiz maʼnosiz boʻlib qolishini taʼkidlaydi[9]. Odissey oʻz sarguzashtlari haqida hikoya qilgan 9–12-kitoblar „Apologos“ yoki „Apologoi“ deb nomlanadi[10][11]. 22-kitob „Mnesterofoniya“ (qadimgi yunoncha: Mnesteres – kuyovlikka nomzodlar + qadimgi yunoncha: phónos – qirgʻin) nomi bilan mashhur[12]. 22-kitob odatda yunon epik siklining yakuni deya hisoblanadi, ammo „Telegoniya“ deb ataluvchi yoʻqolgan keyingi kitobning parchalari saqlanib qolgan[13].
Psixiatr Jonathan Shey "Achilles in Vietnam: Combat Trauma and the Undoing of Character " (Axilles Vetnamda: Jang jarohati va shaxsiyatning barbod boʻlishi) (1994) hamda „Odysseus in America: Combat Trauma and the Trials of Homecoming“ (Odissey Amerikada: Jang jarohati va uyga qaytish sinovlari") (2002) nomli ikki kitob yozgan. Ushbu asarlarda u „Iliada“ va „Odisseya“ dostonlarini jangovar faxriylar reabilitatsiyasi tarixida kuzatilgan posttravmatik stress buzilishi va maʼnaviy jarohatlanish bilan bogʻlab tahlil qilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ "Odyssey (Wayback Machine saytida 16 February 2021 sanasida arxivlangan)". Cambridge Dictionary. Cambridge University Press, 2023.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Haynes, Natalie „The Greatest Tale Ever Told?“. BBC Culture (2018-yil 22-may). 2020-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ Myrsiades 2019, s. 3.
- ↑ Haslam 1976, s. 203.
- ↑ Foley 2007, s. 19.
- ↑ Pache et al. 2020, s. 140.
- ↑ Willcock 2007, s. 32.
- ↑ Jones 1996, s. 48.
- ↑ Pache et al. 2020, ss. 275.
- ↑ Most 1989, ss. 15–16.
- ↑ Cairns 2014, s. 231.
- ↑ Carne-Ross 1998, s. ixi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |