Ofiolitlar
Ofiolitlar (yun. ophis — ilon va lithos — tosh) — oʻta asosli va asosli intruziv (dunit, peridodit, piroksenit, gabbro), effuziv (giberbazitlar) va choʻkindi (aksari chuqur suv yotqiziqlari) togʻ jinslarining birgalikda uchraydigan majmui. Ofiolitlar tushunchasini fanga dastlab 1905-yilda shveysariyalik olim G. Shteynman kiritgan. Burmalangan oblastlarning Ofiolitlar okean osti Yer poʻstining oʻtmish geologik davrda tektonik harakatlar natijasida qitʼalar chetiga kelib qolgan relikti deb taxmin qilinadi. Odatda, serpentinlashgan ultrabazitlar yuqori mantiyaning bir qismi, gabbroidlar — "bazalt qatlami", effuziv-choʻkindi qatlamlar esa hozirgi okean osti Yer poʻstining "birinchi" va "ikkinchi" qatlamlaridan iborat. Bu tartibning oʻzgarishi koʻpincha tektonik jarayonlar bilan bogʻliq boʻlib, oʻziga xos geologik formatsiya (serpentinli melanj)ni tashkil etadi. Ofiolitlar Yer sharining bir yoʻnalishdagi burmali strukturalari uchun xos. Ofiolitlar ayrim hollarda gorizontal yoʻnalishda katta masofalarga siljigan, baʼzan agʻdarilgan. Ofiolitlarni tadqiq etish ofiolitli togʻ jinslari bilan genetik bogʻliq boʻlgan konlar (xrom, nikel, platina, oltin, simob va boshqalar)ni aniqlash va Yer poʻstining rivojlanishini oʻrganishda katta ahamiyatga ega.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |