Olimjon Halimov (1912-yil Buxoro – 1984-yil Nukus) – kompozitor, sozanda (gʻijjak). Oʻzbekiston (1957) va Qoraqalpogʻiston (1982) xalq artisti, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1949). Oʻzbekiston musiqa merosini otasi Domla Halim Ibodovdan oʻzlashtirgan. Samarqandda Oʻzbekiston musiqa va xoreografiya instituti (1932), Konservatoriya(1958)ni tugatgan. Toshkent viloyati kolxoz-sovxoz teatri (1941), Fargʻonada ashula va raqs ansambli (1942—1943)da musiqa rahbari, Qoraqalpogʻiston musiqali teatrida dirijyor va musiqa rahbari (1944—1968), Nukus sanʼat bilim yurtida pedagog (1960-yildan), Oʻzbekiston Kompozitorlari uyushmasining Qoraqalpogʻiston bOʻlimi raisi (1967-1977).

Halimov 20 dan ortiq musiqali drama va komediyalar, „Qirq qiz“ vokal-sim-fonik poemasi, „Qoraqalpogʻiston“ kantatasi, syuita, qoraqalpoq xalq kuylari asosida fortepiano uchun „Rapsodiya“, xor va boshqa asarlar muallifi. Ijodida qoʻshiq janri ham muhim oʻrin tutadi. Qoraqalpoq xalq qoʻshiqlari, cholgʻu kuylari va ayrim baxshilarning asarlarini toʻplab, notaga olgan („Oʻzbek xalq musiqasi“, 8-jild, T., 1959)[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil