Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) — (shvedcha ombudsman — biron kishi manfaatlarining vakili) — turli xil maʼmuriy organlar, baʼzi mamlakatlarda esa — shuningdek, xususiy shaxslar va birlashmalarning inson huquqlariga rioya etishini nazorat qilish uchun maxsus saylab (tayinlab) qoʻyiladigan mansabdor shaxs. Ombudsman nazoratni amalga oshiradi va prokuraturadan farqli ravishda nafaqat qonuniylik, balki shu bilan birga samaradorlik, maqsadga muvofiqlik, adolatparvarlik nuqtai nazaridan ham tekshirish olib boradi. Bu xildagi mansabdor shaxslar har xil nom bilan ataladi: Skandinaviya mamlakatlarida — Ombudsman; Ispaniya va Kolumbiyada — xalq himoyachisi; Fransiyada — vositachi, Ruminiyada — xalq advokati va shahrik[2][3][4].

Ombudsman

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning logotipi
Maqsadi Inson huquqlarini himoya qilinishini nazorat qilish.
Ishga tushgan sanasi 1995-yil
Joylashuvi Oʻzbekiston, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Islom Karimov koʻchasi (sobiq Oʻzbekiston shoh koʻchasi), 16А. 100027[1].

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakillari:

  • Rashidova Sayyora Sharafovna (19952015)
  • Muxammadiyev Ulug‘bek Nasriddinovich (20152021)
  • Eshmatova Feruza Farhodovna (2021-yildan hozirga qadar)
Vebsayti http://ombudsman.uz/uz

Ombudsman tarixi va faoliyati tahrir

Ombudsman so‘zi — dunyoda „inson huquqlarini himoya qiluvchi“ sifatida tushuniladi. Bu so‘z shved tilidan olingan bo‘lib „vakil“ degan maʼnoni anglatadi. U eng avval shved qiroli huzurida faoliyat yuritgan. Keyinchalik parlament shakllangandan so‘ng 1809-yildan Parlament huzuriga ko‘chgan. Agar tarixga nazar solinsa, shved qiroli ushbu tajribani islom davlatlarda faoliyat yuritgan muhtasiblar ishidan o‘rganganiga guvoh bo‘lasiz. Muhtasiblar islom dini va shariat ahkomlari asosida faoliyat yuritib, nazorat funksiyasini bajarishgan.

XVII asrlarda shved qirolligiga hujum uyushtirilganda qirol hozirgi Turkiya hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan. Qochqinda turk sultoni himoyasida mamlakatdagi fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi, o‘rnatilgan tartiblarni nazorat qiluvchi insonlarni kuzatgan. Keyinchalik o‘z vataniga qaytib, mana shu tizimni o‘z davlatida „Ombudsman“ nomi bilan joriy etgan va bu butun Yevropada ommalashgan.

Masalan, ispan elchisi Klavixoning Amir Temur huzuriga tashrifi to‘g‘risidagi kundaligida yozilishicha, Temur topshiriq berganda o‘z vaqtida bajarmagan rahbarlar va ularning bu kamchiligi haqida axborot beruvchi shaxslar bo‘lgan. Shuningdek, fuqaro murojaatlari bilan ishlamagan aynan ana shunday rahbarlarni shaxsan Amir Temur tomonidan ko‘pchilik ichida jazolangani Klavixo tomonidan kichik epizod sifatida qayd etilgan. Mana shu misolda ham ko‘rishimiz mumkinki, Amir Temur inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan qatʼiy bo‘lgan.

Ombudsman turli yoʻllar bilan saylanishi yoki tayinlanishi mumkin. Ispaniyada u parlament tomonidan 5 yilga saylanadi, Namibiyada prezident tomonidan, Fransiyada — Vazirlar kengashining dekreti bilan tayinlanadi. Aksariyat koʻpchilik mamlakatlarda har bir fuqaro Ombudsmanga bevosita murojaat qilishga haqlidir. Ombudsman kamchilik yoki suiisteʼmolliklarni aniqlab, tegishli organ yoki mansabdor shaxsga koʻrsatadi va ularni bartaraf etishni taklif etadi. Agar ular Ombudsmanning taklifidan bosh tortsa, Ombudsman sud organlari yoki parlamentga murojaat qilishi mumkin. Ombudsman fuqarolarning shikoyatlari boʻyicha, shuningdek, oʻz tashabbusi bilan ish olib boradi. Fransiyada fuqarolar vositachiga bevosita emas, balki oʻz senator yoki deputatlari orqali murojaat qiladilar. Dunyoda 1-marta Ombudsman lavozimi 1709-yil Shvetsiya qirolligi huzurida joriy qilingan. Hozirgi vaqtda u jahonning 110 dan ortiq mamlakatida mavjud. Ombudsman institutini tashkil etilishiga qarab 2 turga boʻlish mumkin: parlament tomonidan tayinlanadigan (saylanadigan) klassik tipdagi Ombudsman va ijroiya hokimiyati organlari tomonidan tayinlanadigan Ombudsman. Klassik tipdagi Ombudsman har qanday tashkilot, korxona, muassasa va mansabdor shaxslarning faoliyatini tekshirish huquqiga ega. Klassik Ombudsman katarkta Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Portugaliya, Ispaniya va shariqning koʻpgina mamlakatlar Ombudsmanlari kiradi. Oʻzbekiston Ombudsmani ham klassik Ombudsman hisoblanadi. Ijroiya hokimiyati organlari tomonidan tayinlanadigan Ombudsman huquqlari biroz chegaralangan. Ular alohida sohalar boʻyicha tekshirish xuquqiga ega. Masalan, kasalxonalar, jazoni oʻtash muassasalari, bolalar, nogironlar huquqini himoya qilish, harbiy xizmatchilar, jinoyatlardan jabrlanganlar, soliq muassasalari boʻyicha shugʻullanadigan alohida sohalar Ombudsmanlari.

Ombudsmanning alohida obroʻ-eʼtibori va zamonaviyligi uning demokratik xususiyatlari bilan tavsiflanadi. Ombudsmanlar davlat organlari tizimidan mustaqilligi, parlamentning belgilangan muddati davomida oʻzgarmasligi, qonunchilik tashabbusi huquqiga egaligi, oʻz huquq va erkinliklarini himoya qilishga muhtoj boʻlgan barcha fuqarolarga ochiqligi, shikoyat va murojaatlarni tahlil etishda rasmiyatchilikka yoʻl qoʻymasligi, aholiga bepul xizmat koʻrsatishi bilan ajralib turadi.

Oʻzbekiston Respublikasida Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari „Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (ombudsman) toʻgʻrisida “Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1997-yil 24-aprel)da belgilab berilgan[5]. Mazkur qonunga koʻra, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) — mansabdor shaxs boʻlib, unga Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishining samaradorligi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatlari berilgan. Vakil oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek, xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan prinsiplari va normalariga asoslanadi. Vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi[6].

Ijroiya hokimiyati organlari tomonidan tayinlanadigan Ombudsman huquqlari biroz chegaralangan. Ular alohida sohalar bo‘yicha tekshirish huquqiga ega. Masalan, kasalxonalar, jazoni o‘tash muassasalari, bolalar, nogironlar huquqini himoya qilish, harbiy xizmatchilar, jinoyatlardan jabrlanganlar, soliq muassasalari bo‘yicha shug‘ullanadigan alohida sohalar Ombudsmanlari.

O‘zbekistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ombudsman faoliyati tahrir

Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) instituti 1995-yilda tashkil etilgan. Ushbu institut MDH hududida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda taʼsis etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylangan Ombudsmanlar:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-aprelda bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sessiyasiida „Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida“gi Qonun qabul qilindi. Shu kunga qadar ushbu hujjat Ombudsman vazifalari va vakolatlarini kengaytirish zaruriyati nuqtayi nazaridan takomillashtirilib borilmoqda.

„Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (ombudsman) to‘g‘risida“ O‘zbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) (bundan buyon matnda Vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs bo‘lib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar (bundan buyon matnda tashkilotlar va mansabdor shaxslar deb yuritiladi) tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatlari berilgan.

Ombudsman o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shart-nomalariga, shuningdek, xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan prinsiplari va normalariga asoslanadi. Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Ombudsman tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish, ulardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni so‘rash hamda olish, mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish, aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tashkilotlar va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish, uning majlislarida ishtirok etishi va sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon etish, fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi taklif bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga murojaat qilish, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarida aniqlangan buzilishlarni, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini o‘tkazish, ushlab turilgan va qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan holi tarzda uchrashish va boshqa huquqlarga ega[7][8].

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentyabrdagi „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Farmonida Parlament Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilishi belgilangan[9].

Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm

2002-yil 18-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/199-rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyaga doir Fakultativ protokoli bilan milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Milliy preventiv mexanizm — qiynoqning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflar tizimini yaratishdir.

2019-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm instituti joriy etilgan. Unga muvofiq Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyundagi „Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi Qarori bilan Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yanada takomillashtirildi. Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shuningdek, Qarorda Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilish va bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishini hamda gender tengligi taʼminlanishini hisobga olish ham belgilangan.

Ombudsman tomonidan har yili 15-martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruza taqdim etiladi va ushbu maʼruza ombudsman.uz saytiga joylashtiriladi.

Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari

Shuningdek, Farmonga asosan 2022-yilning 1-yanvaridan Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritishi belgilandi.  Ularga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish, o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari o‘zlarining faoliyatida bevosita Ombudsmanga hisobdordir.

Xalqaro aloqalar

Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Vakil faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu faoliyat BMT va YEXHT xalqaro shartnomalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda aʼzolik doirasida, xorijiy Ombudsmanlar bilan ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish, xalqaro forumlar, chet yel delegatsiyalarini qabul qilishda ishtirok yetish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkasblar murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali amalga oshiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar va Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro birlashmalarning to‘la qonli aʼzosi hisoblanadi.

Vakil tomonidan xorijiy ombudsmanlari bilan xamkorlik to‘g‘risida 20 dan ortiq memorandumlar imzolangan. Turkiya, Shvetsiya, Ispaniya, Portugaliya, Polsha, Janubiy Koreya, Slovakiya, Bolgariya, Latviya, Rossiya, Yaponiya, Tailand, Fransiya, Ozarbayjon, Serbiya, Vengriya va Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari shular jumlasidandir.

2020-yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) faoliyatining Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va unga „V“ maqomi berilgan[10][11].

Manbalar tahrir

  1. „Aloqa“. 2023-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  2. „Омбудсман сўзининг тарихи“. 2023-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  3. „Омбудсман сўзининг тарихи“. 2023-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  4. „Aloqa“. 10-yanvar 2010-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 4-aprel 2023-yil.
  5. „“OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BO‘YICHA VAKILI (OMBUDSMAN) TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNIGA O‘ZGARTISHLAR VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA“. 2023-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  6. „ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ОЛИЙ МАЖЛИСИНИНГ ИНСОН ҲУҚУҚЛАРИ БЎЙИЧА ВАКИЛИ (ОМБУДСМАН) ФАОЛИЯТИНИ ТАКОМИЛЛАШТИРИШ ЧОРА-ТАДБИРЛАРИ ТЎҒРИСИДА“. 2023-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  7. „Ombudsman O'zbekistonda bugun nimaga qodir?“. 2023-yil 5-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  8. „Ombudsman instituti faoliyati takomillashib, vakolatlari va vazifalari kengayib bormoqda“. 2023-yil 5-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  9. [https://lex.uz/docs/5625269 „ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ПРЕЗИДЕНТИНИНГ ФАРМОНИ: ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ОЛИЙ МАЖЛИСИНИНГ ИНСОН ҲУҚУҚЛАРИ БЎЙИЧА ВАКИЛИ (ОМБУДСМАН) ФАОЛИЯТИНИ ТАКОМИЛЛАШТИРИШ ЧОРА-ТАДБИРЛАРИ ТЎҒРИСИДА“]. 2023-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  10. „Халқаро ҳамкорлик“. 2023-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.
  11. „Ombudsman – inson huquqlarini ta’minlash sohasida ishonchli tuzilmaga aylanmoqda“. 2023-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-aprel.

Adabiyotlar tahrir

  • Sattorov A., Ombudsman — huquq himoyachisi, T., 2000.
  • Akmal Saidov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.




Manbalar tahrir