Oqchil
Oqchil — ayollarning jinsiy aʼzolaridan ajraladigan chiqindi; qinda doim boʻladi Odatda, jinsiy aʼzolarning teri yoki shilliq qavatlarini qizartirmaydi. Hayz koʻrishdan oldin, homiladorlik va chilla davrida, shuningdek, qizlar balogʻatga yetish davrida O. koʻproq ajraladi, chunki bu vaqtda jinsiy aʼzolarga qon koʻp quyilib, tuxumdon funksiyasi kuchayadi. O.ning rangi, hidi oʻzgarsa (sargʻimtir-yashil, suyuq yoki quyuq, qoʻlansa) yoki odatdagidan koʻp ajralsa, ayol jinsiy aʼzolari sohasida achishish, qichishish sezadi; shu soha doim namlanib turadi. Jinsiy aʼzolarning turli kasalliklari (mas, vulvovaginit va boshqalar) yoki organizmning umumiy kasalliklari (mas, sil, kamqonlik, qandli diabet), shuningdek, yurak kasalliklarida O. koʻp ajraladi. Ayollarda qin devori pastga tushganda, oraliq yirtilganda, shaxsiy gigiyena qoidalari buzilganda, homiladorlikdan saqlanish vositalaridan nojoiz foydalanganda va boshqa hollarda ham O. koʻp ajralishi mumkin. O. kelishi oʻzgarganda darhol mutaxassis vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |