Oshkoʻklar — taomlarga (koʻk holicha) qoʻshiladigan koʻkatlar. O.ga jambil, kashnich, petrushka, rayhon, koʻk (barra) piyoz, shivit, sarimsoq koʻki, selderey hamda bahor oylarida yovvoyi oʻsadigan yalpiz va boshqa kiradi. Ular lazzatli taom tayyorlashda zirovarlar kabi muxim ahamiyatga ega. O. tarkibida ifori (efirli) moylar, turli vitaminlar mavjud. O. qoʻshilgan taomlar xushxoʻr boʻladi, yaxshi xazm boʻladi. Aksariyat O. toʻgʻralgan holda suyuq oshlarga qoʻshiladi, shuningdek, ularning shoxchalari salatlarni bezashda ishlatiladi. O.dan rayhon, jambil shoʻrvalarga shoxchasi bilan ham solinadi. Baʼzi O. (mas, ukrop, petrushka) bodring va pomidor tuzlashda, sirkalab konserva qilishda ishlatiladi. Soya joyda quritib elaki qilingan O. tolqonidan qish faslida ham foydalanish mumkin.

Oʻzbek pazandaligida otquloq, ismaloq, yalpiz, jagʻ-jagʻ, momaqaymoq beda, anzur piyozi, semizoʻt kabilarning yangi unib chiqqan barglaridan yog qoʻshib (somsa, chuchvara va boshqalar) taomlar tayyorlanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil