Otin
Otin oyi - Islom diniga oid entsiklopedik lugʼatda “Otin, otinoyi —Oʼrta Osiyodagi diniy maktab qizlar oʼqituvchisi. Otinlar ayollar oʼrtasidagi diniy marosimlarni oʼtkazishda boshchilik qilib, ularga diniy taʼlim berish bilan ham shugʼullangan” deb qayd etiladi[1].
Oʼzbekiston milliy entsiklopediyasida OTIN —1) maktabxonada qizlar oʼqituvchisi; din va shariat bilimdoni. Koʼpincha ayollar oʼrtasida diniy marosimlar( mavlud)ga boshchilik qiladi; 2) ayollarni hurmatlab, ular ismiga qoʼshib aytiladigan soʼz[2] maʼnolarini ifodalanishi yozilgan.
Oʼzbek tilining izohli lugʼatida otin, otin bibi, otincha soʼzlari qoʼyidagicha sharhlanadi:
Otin. Eski maktablarda qizlar oʼqituvchisi; din va shariat bilimdoni. Har kuni qoʼshnimiz otin bibida qiyomgacha oʼqib, keyin to kechgacha, koʼpincha kechalari ham, ayamning yoniga kirib, tikish tikdim. Oybek, Tanlangan asarlar.
Otin qizlar oʼqituvchisi, din va shariat bilimdoni hamda ayollar oʼrtasidagi diniy marosimlarga boshchiliq qiladigan, xalq orasida katta obroʼ-eʼtiborga sazovor boʼlgan kayvoni ayol. Shuningdek, “otin” soʼzi maʼrifatparvar ayollarni hurmatlab, ismiga qoʼshib aytilgan.
Ilgari ajdodlarimiz xotin-qizlar qalbiga ayol kishining suhbati chuqurroq singib borishini yaxshi anglaganlari uchun otinoyilar faoliyatidan unumli foydalanishgan. Mahalla yoki qishloqlardagi taʼlim-tarbiya ishlariga jalb etishgan. Аyniqsa, diniy maʼrifatni yoyish, qizlarga Qurʼon va shariatni oʼrgatish, odob‑axloq, nazokat va nafosatdan taʼlim berish, ularni turmushga tayyorlash va ularning ruhiyatini bekalikka moslashda otinoyilarning vazifasi katta boʼlgan. Ular oʼz uylarida qizlarga taʼlim berganlar. Otinoyilar faqat bilim tarqatuvchigina emas, balki yoshlar tarbiyasi uchun masʼul, odob-axloqda esa hammaga oʼrnak boʼlishgan. Shuningdek, Qurʼoni karim qiroati, uning tafsiri, paygʼambarlar tarixi, xalq ogʼzaki ijodini yaxshi bilishgan[3].
XX asr davomida otinoyilarning faoliyatida ham qator oʼzgarishlar roʼy berdi. Mazkur oʼzgarishlarning sababi Sobiq shoʼrolar davrida dinning qonundan tashqarida hisoblanganidandir. Biroq, otinoyilik faoliyati toʼxtab qolmadi, aksincha jamoat joylaridan shaxsiy xonadonlarga koʼchirildi. Endi, otinoyilar guruh boʼlib emas, balki yakka holda faoliyat yurita boshlagan. Natijada, koʼpgina oilalar oʼzlarining “xonadon” oʼqituvchilariga ega boʼlishgan. Sobiq ittifoq davrida olib borilgan ateistik siyosat otinoyilar faoliyati koʼlamining qisqarishiga sabab boʼldi.
Tadqiqotchi Marianna Kamnning yozishicha, otinoyining faoliyati oʼta muhim boʼlib, musulmon ayollari diniy martabalari tizimida eng yuqori pogʼonani egallab kelgan. Shuningdek, otinoyi bu musulmon diniy ierarxiyasida ayollar uchun ruxsat etilgan yagona diniy bilim olish manbasi va “mansabi” hamda diniy marosim oʼtkazuvchisi hisoblangan.
Shunga eʼtiborni qaratmoq lozimki, otin ayollar faqat islomiy bilim tarqatuvchi emas, oʼz shogirdlari ahloqi uchun javobgar ham boʼlgan, pokdomonlik va kamolotda esa hamma uchun oʼrnak boʼlishgan. Ular Qurʼoni karim qiroati, tajvidi, qoidalari bilangina oʼqib qolmasdan, uni tafsiri bilan oʼrganishgan va unga amal qilishga ham oʼrgatishgan. Ular paygʼambarlar qissalarini xalq ogʼzaki ijodini yaxshi bilgan hassos voiz va notiq ham boʼlganlar. Tariximizda Jahon Otin Uvaysiy, Аnbar otin kabi mashhur fozila ayollar yashab, oʼz davrining maʼrifat ziyosi taralishiga hissa qoʼshganlar.
Shuni taʼkidlash lozimki, oʼzbek ayollarining sheʼriyat, shariat va axloqini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etgan otin oyilardan, toki sobiq tuzumning kurakda turmas qoidalari joriy boʼlmaguniga qadar biror hujjat talab qilinmagan, bu ezgu ishlari uchun hech qachon jazolanishmagan. Ularning chuqur bilimi, namunali xulqi va turmush tarzining oʼzi qizlarga ustozlik qilishga yetarli asos boʼlgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, otinoyilarning faoliyati nihoyatda xalqchil, shaffof va pok‑halolligi bilan ham ahamiyatli boʼlib kelgan.
Sovet hokimiyati boshqaruvni qoʼlga olganidan keyin, barcha dindor shaxslar qatori, otin oyilarni ham qattiq siquv va taʼqib ostiga ola boshladi. Butun boshli mamlakat raharlari oʼzbekning oʼzbegoyimlari, asl qizlari boʼlgan munis ayollar bilan kurashishdan uyalmay, ularni iskanjaga olishdi. Otinoyilarning qoʼshnilari yoki shogirdlari orasiga “quloq”lar kiritilib, ularning faoliyatidan xabardor boʼlib turishdi. Joyi kelsa, mushtipar, xalq gʼamida, xalq farzandlarining savodxon boʼlishi, odob-axloqi chiroyli boʼlishi uchun oʼz tinchi, huzur-halovatidan kechgan, kechani kecha, kunduzni kunduz demay fidokorlik koʼrsatayotgan bu bagʼrikeng ayollarni mahkamalarga sudrab, qiyin-qistovli tergovlarga mahkum qilishdek pastkashlikkacha borishdi.
Shunisi ajablanarliki, oʼz millati qizlari kelajagiga befarq boʼlmagan, Vatanini sevgan bu ayollar shunchalik tanglikka qaramay, yana oʼz ishlarini davom ettirishar, mavridi boʼldi deguncha, mahalla qizlarining savodini chiqarishar edi. Yetmish yillik mustabid dinsiz tuzum davrida oʼzbekning oʼzligini saqlab qolishida otin oyilarning fidokorona va xolis xizmatlari katta oʼrin tutganini eʼtirof etish burchimizdir. Ha, ularning beminnat taʼlim‑tarbiyalari sababli xalq oʼzini unutmadi, sovet tuzumi hukm surgan ayrim oʼlkalarda boʼlganidek, aholi tomomiyla ruslashib, oʼzligini unitib yubormadi. Yurtimiz mustaqilligining tag zaminida ham ana oʼsha otin oyilarimiz va ularga yelkadosh boʼlgan domla buvalarimizning xizmatlari beqiyos. Ular milliy‑diniy qadryatlarimizni, bir soʼz bilan aytganda, oʼzligimizni har qanday qiyinchilik, dushmanliklar qurshovida ham qoʼldan bermay, jonu mollari evaziga asrab‑avaylab keyingi avlodga yetkazdilar va oʼsha tushunchalarni xalqning qalbiga, xususan, ziyolilarimiz ongiga singdira bildilar. Qizil imperiyadan mansab‑orden tamaʼ qilmay, xalq dardini kuylagan shoiru yozuvchilarimizning hayoti bunga yorqin misoldir. Taqdirning ishini qarangki, bugun xalq oʼsha zilol buloqlarimizdan suv ichgan, iymoniga sadoqat qilgan yozuvchi va shoirlarning asarlarini sevib oʼqiydi, ammo ularga qarshi boʼlgan, dushmanga laganbardorlik qilgan kimsalarni birov eslamaydi ham. Ha, har kim qilmishiga yarasha jazo oladi va bu odatda kutmagan tarafidan keladi.
Gapimiz quruq boʼlmasligi uchun bunga hayotiy misol ketiraman.
Qishlogʼimizning bugungi kunda sheʼriyat, eski turkiy alifbo va Qurʼoni karimdan savodi boʼlgan barcha ayollari duo va yaxshiliklar bilan eslaydigan Niso mullobibi ismli otin oyisi boʼlgan. U kishi maʼrifatli, kamtar-kamsuqum va oʼz davrining savodxon ayollaridan boʼlib, oʼqish bilan birga yosh qizlarga kashta tikish, uy-roʼzgʼor tutish, muomala madaniyatini ham oʼrgatuvchi boʼlganlar. Mehnatlari evaziga hech narsa tamaʼ qilmaydigan, ota-onalar koʼngillaridan chiqarib bergan ikkita nonmi, biror savat meva yoki shu kabi narsalarni ham sidqidildan qabul qilib, qizlarga taʼlim berganlar. Qishloq ahli u kishini goʼyo boshida koʼtarar, uylarining toʼrini boʼshatib berar edi.
Аna shu otin oyining “qilmishlari”, “faoliyati”dan xabardor boʼlib turish uchun qishloq muallimasi – oʼz davrining eng badavlat va olifta ayollaridan boʼlgan ayolni masʼul qilib qoʼyadilar. Sopini oʼzidan chiqarishga usta sovetlar otinoyini oʼz qoʼshnisining qoʼli va tili yordamida tutishga urinishar edi. Bu ayolning “xolis xizmat”lari evaziga Mullo bibi tez-tez hukumat vakillariga hisobot berishga, ularning idoralarida muztar-hayron qolib ketishga mahkum edilar. Muallima yoshi ulugʼ onaxonni chaqishdan, masʼullar esa chaqirib tergov qilishdan charchamas edi... Аmmo bu ishlarning birortasi ham onaxonni taʼlim berishdan toʼsa olmas edi.
Vaqti qazo yetib, Otinoyi vafot edilar, qishloq ahli tobutni boshlari uzra koʼtarib, chuqur ehtirom bilan dafn etishdi. Oradan shuncha yillar oʼtsa-da, ehtirom, muhabbat va duolar ila yoʼqlab yurishadi.
Xoʼsh, muallimaning taqdiri nima boʼlganiga qiziqayapsizmi? Nima ham boʼlar edi, taʼlim-tarbiya, diniy-ilmiy, madaniy taraqqiyotga qarshi boʼlgan, chaqimchilik va sotqinlikdan tap tortmaydigan har qanday kishi mahkum boʼlgan xorlikka mubtalo boʼldi. U ayol hozir ham hayot. Qachonlardir oʼzi ham, farzandlari ham qishloqning eng oldi boʼlgan bu kishilarning oqibati havas qilarli emas: ikkita oʼgʼli ichkilikka mukkasidan ketib, odamgarchilikdan chiqib qolgan, keksa onasini ham uydan haydab yuborgan. Qarib esi kirar-chiqar boʼlib qolgan muallima har oy olgan nafaqasini hali u tanishiga, hali bu tanishiga berib, galma-galdan ularning uylarida yashab, sarson-sargardon umr oʼtkazmoqda...
Bu kampir haqida har gal eshitganimda, oʼsha qilmishlarini eslab afsuslanarmikan, deb oʼylayman.
Xalqning maʼrifatli boʼlishi yoʼlida jonini nisor etgan fidokorlar bilan kurashgan, ularni moddiy-maʼnaviy, jismoniny qiynoqlarga solgan sovet hukumati nozirlarining oqibati ham mana shu sotqin muallimanikidan aslo kam boʼlmagan.
Аlloh taolo kishilarga oʼrnak-namuna qilib qoʼygan, qilmish-qidirmishga mahkum boʼlgan bu kabi kimsalar vijdoni bilan yolgʼiz qolganida, ich-ichidan qoʼrqmasmikin, oxiratidan xavotir olmsmikin? Menimcha, ular hammmadan ham koʼproq qoʼrqishadi, dahshatlarining zoʼridan aksariyati esi ogʼib qolishi ham shundandur balki... Аmmo dardini kimga aytsin? Qanchalar katta ketib qoʼyganini oʼzi ham anglab turibdi‑ku..
Аlhamdulilloh, u ogʼir davrlar oʼtib ketdi. Mustaqillikdan keyin imom-domlalar faoliyatida boʼlgani kabi, otinoyilar faoliyatida ham ijobiy oʼzgarishlar yuz berdi, ularga davlat miqyosida eʼtibor qaratila boshlandi. Ularni har jihatdan qoʼllab-quvvatlash, yosh avlodga taʼlim‑tarbiya berishlari yoʼlida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Umid qilamizki, bunday ijobiy oʼzgarishlar davom etib, maʼnaviyatimiz posboni boʼlgan otinoyilar oʼz maqomlariga loyiq ehtiromga sazovor boʼlib boradilar va oʼzligimizni asrashda yana beminnat xizmat koʼrsatib, el‑yurtning tabarruk duogoʼylari boʼlib yuradilar. Zotan, erki oʼz qoʼlida boʼlgan xalqqa shu yarashadi. .<ref>OʻzME.[1] Islom. Ensiklopediya.—Toshkent: Oʼzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2014.—B.191.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |