Oy fazalari - Oyning Yer atrofidagi harakatlanishi davrida Quyoshga nisbatan egallaydigan vaziyatlari. Oy oʻzidan nur chiqarmaydi, uni Quyosh nuri yoki Quyosh nurining Yerdan qaytgan qismi yoritishi mumkin, shu tufayli Oyning fazoda Quyoshga va Yerga nisbatan qanday holatda turishiga koʻra, u yerdan qaraganda turli shakdda koʻrinadi. Har oyda Oy taxminan Yer bilan Quyosh orasidan oʻtadi va Yerga oʻzining qorongʻi tomoni bilan turadi. Bunga astronomikyangi oy deyiladi. 1—2 kun (sutka) dan soʻng Quyosh botgach, osmonning gʻarbiy qismida Oy ingichka oʻroq shaklida koʻrinadi, bu xalq tilida hilol yoxud yangioy (fan tilida — vizual yangioy) deyiladi. Bunda Oyning qolgan qismini Yer oʻzining kunduzgi yarim sharidan qaytgan Quyosh nurlari bilan xira kulrang ravishda yoritib turadi. 7 kundan keyin Yerdan Oyga va Quyoshga tomon yoʻnalishlari orasidagi burchak 90° ga teng boʻladi, bunda u yarim "kulcha" shaklida koʻrinib, Oyning bu fazasi birinchi chorak deyiladi. taxminan 14—15 kunlik Oy Quyoshga qarama-qarshi turib, uning Quyosh bilan yoritilgan yarim sferasi toʻlaligicha Yerga qaraydi. Oyning bu fazasi toʻlinoy deb ataladi. Bunda Oyni toʻla yorugʻ doira shaklida koʻrish mumkin. Keyingi kunlarda Oyning gʻarbiy tomoni "yemirila borib", 22-sutkada faqat qavariq tomoni sharqqa qaragan yarim doira shaklida koʻrinadi. Buni Oyning oxirgi chorak fazasi deyiladi. 29,5 sutkadan soʻng Oy yana astronomik yangioy fazasida boʻladi. Ikki ketma-ket kelgan yangi Oy orasida oʻtgan vaqt Oyning sinodik davri deyilib, u 29,53059 sutkaga teng. Sinodik oy siderik oyga qaraganda bir oz ortiqroq, chunki shu davr orasida Yer oʻz orbitasining qismini oʻtadi. Agar Quyosh Oy orbitasi tugunlarining birontasi yaqinida (undan 16,5° dan kichik yoy masofada) boʻlganda yangi Oy kuzatilsa, albatta Quyosh tutiladi. Bu hodisa toʻlin oy paytiga toʻgʻri kelsa, unda Oy tutilishi mumkin (qarang Oy tutilishi, Quyosh tutilishi). Oy fazalarining davriy oʻzgarishi oy kalendarlarining yaratilishi uchun asos boʻlgan (qarang Kalendar).

Mamatmusa Mamadazimov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil