Paremiologiya (yunoncha: paroimia — hikmatli soʻz, zarbulmasal va ... logiya) — 1) maʼlum bir tildagi avloddan avlodga ogʻzaki shaklda koʻchib yuruvchi, ixcham va sodda, qisqa va mazmundor, mantiqiy umumlashma sifatida paydo boʻlgan maqol, matal, aforizm kabi hikmatli iboralarni — paremalarni oʻrganadigan fan sohasi; 2) muayyan tilda mavjud boʻlgan maqol, matal, aforizm kabi hikmatli iboralar — paremalar tizi-mi. Paremalar avloddan avlodga faqat ogʻzaki holdagina oʻtib kelganligi, xalq ogʻzaki ijodining mahsuli boʻlganligi uchun adabiyotshunoslikning oʻrganish obʼyekti hisoblanadi, chunki ularning aksariyati koʻpincha sheʼriy shaklga oʻxshaydi va ularda oʻxshatish, antiteza, anafora, alliteratsiya, kinoya, piching kabi bir qancha tasviriy vositalar qoʻllanadi. Shu bilan birga paremalar soʻzlardan tuzilib, maʼlum bir fikrni ifodalovchi gaplardan iborat boʻlgani uchun tilshunoslikning ham oʻrganish obʼyektidir. P. ana shoʻ 2 jihatni oʻzida birlashtiradi. Paremalarning kelib chiqishi, tarixan rivojlanishi va maʼno xususiyatlarini oʻrganuvchi P. frazeologiya bilan chambarchas bogʻliq. P. tilda mavjud boʻlgan turli xil barcha iboralarni oʻrganadi, frazeologiya esa uning bir qismi sifatida faqat koʻchma maʼnoli turgʻun birikmalarni oʻrganadi. Shu jihatdan ular oʻzaro farqlanadi. Oʻrganish obʼyektining birligi, yaʼni bir necha soʻzdan tashkil topgan turgʻun, barqaror birikmalarni tekshirish P. bilan frazeologiyaning oʻxshash, umumiy tomoni hisoblanadi. Paremalarni toʻplash, oʻrganish Mahmud Koshgʻariy ("Devonu lugʻotit turk") va Gulxaniy ("Zarbulmasal") zamonlaridan to hozirgi kunlargacha davom etib kelmoqda.

Ad:. Berdiyorov H., Rasulov R., Uzbek tilining paremiologik lugʻati, T., 1984.

Abduvahob Madvaliyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil