Paxsa
Paxsa — loy devor yoki uning qavati. Oʻrta Osiyo meʼmorligida qadimdan maʼlum. Qadimda baʼzi shaharlarning devorlari, qalʼa qoʻrgʻonlari P.dan ishlangan. Ular mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgani sababli juda mustahkam qurilgan. Shahar devorlarining ikki chekkasi P.dan koʻtarilib, oʻrtasi tuproq bilan toʻldirilgan (Teshik qalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproq qalʼa va boshqalar). Dastlab P. qamish yoki yogʻoch poydevor (tirnoq) ustiga urilgan. Hozir P. devorlar beton, pishiq gʻisht yoki tosh poydevor ustiga qoʻyiladi. P. uchun tuproq poydevor atrofidan olinishi yoki boshqa joydan keltirilishi ham mumkin. Odatda, soz tuproqqa suv urilib, loy qoriladi. Loy tepkilab (baʼzan ot bilan bostirilib) pishitiladi. Ketmon yoki bel bilan ikki-uch marta agdarib pishitib meʼyoriga yetkaziladi. Loykash pishitilgan loyni maxsus bel—kapcha bilan kesib, peshmon (usta)ga otadi. Peshmon loyni ilib olib kuch bilan boʻlajak devor oʻrniga urib boradi. Oddiy imo-rat qurishda bir P.ning balandligi 60 sm dan 1 m gacha, qalinligi 40—60 sm boʻladi. Devor selgigach, usta tarash kapcha (yassi bel) bilan devor yuzasini tekislaydi, gultarash bilan unga pardoz beradi, baʼzan naqshlar ham oʻyadi. 1-P. maʼlum da-rajada qurigach, peshmon uning ustiga chiqib, 2qavat P.ni ura boshlaydi. Shu tariqa devor 3—4 (ayrim hollarda 5— 6) P.dan iborat boʻlgan. Oʻrta Osiyoda xususiy uylar qurishda P.dan hozir ham foydalanilmoqda.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |