Paykal

marza, ariq, yoʻl va boshqa bilan ajratilgan katta ekin maydoni

Paykal (turkiycha. pay — qism, ulush va fors-toj. kol — xandaq) — 1) marza, ariq, yoʻl va boshqa bilan ajratilgan katta ekin maydoni, sugʻoriladigan dalaning bir qismi; sholikorlikda pol; chek. 2) tarixiy-etnografik atama. Yozma adabiyotlarda dastlab Abu Abdulloh Xorazmiyning "Mafotih ul ulum" ("Ilmlar kaliti") asarida suv oʻlchov birligi tarzida qayd qilingan. 1 P. 10 basta, basta esa eni va boʻyi 1 shair (taxminan 3 sm) boʻlgan teshikdan bir kechakunduzda oʻtadigan suv miqdori. Keyingi davrlarda sath oʻlchovi sifatida qoʻllangan. Masalan, Quyi Qashqadaryoda 50 tanob yoki 12,5 ga yer 1 P. hisoblangan. Oʻrta Osiyoning bir qancha tumanlarda chek yerlarni shirkat (6—9 dehqon xoʻjaligi) boʻlib ishlash, yerga jamoa boʻlib egalik qilish shakli bulgan. Bunday P.lar Janubiy Oʻzbekistonda 20-asrning 1-choragiga qadar mavjud boʻlib keldi.

Ochil Boʻriyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil