Pelagial
Pelagial (yun. pelagos — dengiz) — dengiz, okean va koʻllarda suvning tirik organizmlar yashaydigan qatlami (suv tubidan boshlab suv yuzasigacha); bental (suv tubi) tushunchasining aksi. P.da yashovchi organizmlar plankton, nekton (faol suzadigan organizmlar), neyston (suv yuzasida yashaydigan organizmlar) guruhlarga boʻlinadi. Dengiz va okeanlarda P. qatlamni ham yashash sharoiti va organizm tarkibi boʻyicha bir necha zonaga boʻlish mumkin. Tari-xiy rivojlanish davomida P. organizmlarda yashash sharoitiga nisbatan turlicha moslanishlar paydo boʻlgan. Masalan, suvoʻtlar va sifonoforalarning gaz toʻldirilgan pufaklari, meduzalarning suvga boy liqildoq gavdasi, koʻpchilik mikroskopik organizmlarning gavda yuzasini kengaytirishga imkon beradigan oʻsimtalari neyston, baliklar va boshoyokli mollyuskalarning suzgichlari va gavdasining suyri shakli nekton organizmlar uchun xos. P. oʻsimliklar (fitoplankton) okeanda organik moddaning asosiy qismini hosil qiladi. Halok boʻladigan diatom suvoʻtlar, bir hujayrali qayvonlar (nurlilar, foraminiferalar va boshqalar) dengiz tubida choʻkma jinslar hosil boʻlishida katta ahamiyatga ega.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |