Perifraza (yun. periphrasis — tasviriy ibora; kinoya, istiora) — borliqdagi narsa va voqealarning nomini toʻgʻridan-toʻgʻri atamasdan, ularni bilvosita, yaʼni turli xil soʻz yoki tasviriy iboralar bilan ifodalash; majoziy ifodalardan biri (mas, "sher" oʻrnida "hayvonlar shohi"; "paxta" oʻrnida "oq oltin", Alisher Navoiy oʻrnida "oʻzbek adabiy tilining asoschisi" iboralarining qoʻllanishi). Perifazada tasvirlanayotgan tushunchaning ayni matn va vaziyat uchun eng muhim sifati, belgisi, xususiyati birinchi oʻringa qoʻyiladi. Perifazaning asosiy vazifasi matnning ifodaviyligini, bayonning taʼsirchanligini oshirishdir.

Perifaza, asosan, badiiy adabiyot tilida, publitsistik va ogʻzaki nutqda uchraydi, ilmiy nutqda esa tasviriylikdan xoli boʻladi va termin sifatida qoʻllanadi. Funksional jihatdan perifazaning 2 turi farqlanadi: hamma tomonidan qabul qilingan, hamma tushunadigan perifaza (frazeologizmlar, hikmatli iboralar) va vaziyatga bogʻliq boʻlgan, mazmuni, maʼnosi muayyan matnqagina aloqador bulgan individual perifaza (bularning baʼzilari izchil qoʻllanish natijasida 1-turdagi perifazalar qatoriga oʻtadi). Shu bilan birga badiiy, obrazli perifazalar (oq oltin — paxta, zangori olov — gaz, poʻlat qush — samolyot kabi) va mantiqiy perifazalar (mas, evfemizmlar, tabular) oʻzaro farqlanadi. Aksariyat perifazalar otli birikmalar boʻlib, metafora, metonimiya, sinekdoxa singari koʻchima gaplar asosida yuzaga keladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil