Pifagoreizm — yunon falsafasidagi taʼlimot. Miloddan avvalgi 6—4-asrlarda Pifagor gʻoyalari asosida shakllangan. Pifagoreizm taʼlimoti negizida sonlar barcha mavjud narsa va hodisalarning asosidir degan tasavvur yotadi. Vakillari: Filolay, Evrit, Ksenofil, Fanton, Exekrat va boshqa Pifagorchilar butun olam sonlar uygʻunligidan va ularning oʻzaro munosabatidan iborat, deb bilganlar; dastlab sonlarni narsalardan farq qilmagan boʻlsalar, keyinchalik ularni hatto ilohiy mavjudot deb tushunganlar. Pifagoreizm vakillari fikricha, jon moddiy emas va oʻlmaydi, u koinotda modda bilan birga mavjuddir. Jon bir tanadan boshqa tanaga, shu jumladan, odam tanasidan biror hayvon va boshqa tanasiga (yoki aksincha) oʻtib yuradi. Pifagoreizm vakillari masalan, musiqa nazariyasi, akustika, astronomiya ilmining rivojlanishiga katta hissa qoʻshganlar. Miloddan avvalgi IV asrning 2-yarmida pifagoreizm platonizm bilan qoʻshilib ketdi. Miloddan avvalgi I asr — milodiy I asrda neopifagoreizm shaklida qayta vujudga keldi va xristianlikning shakllanishiga muayyan taʼsir koʻrsatdi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil