Plutonizm (Pluton — afsonaviy yer osti hukmdori nomidan) — Yer geologik tarixida ichki (endogen) jarayonlar hal qiluvchi rol oʻynaydi degan ilmiy taʼlimot. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida kengtarqalgan. P. qarashlari sistemasi shotlandiyalik tabiatshunosgeolog J. Gettonning "Yer nazariyasi" kitobida (1788, 1795) ishlab chiqilgan. Uning fikricha, Yer yuzasi va Yer poʻstida sodir boʻladigan barcha oʻzgarishlar fizik va kimyoviy jarayonlar bilan uzviy bogʻliq. P. quruklik yuzasining suv bilan yuvilib ketishi, dengiz ostida choʻkindi jinslarning paydo boʻlishi, ularning zichlanishi, dengiz suvi qaytgach, yangidan materikning bunyodga kelishini "erning ichki harorati" (magmatizm va vulkanizm) oqibati, deb hisoblardi. J. Gettonning bu taʼlimoti magma va magmatik togʻ jinslari haqidagi birinchi progressiv tushunchaga asos soldi va oʻsha davrda xukm surgan neptunizm (A. Verner) taʼlimotiga katta zarba berdi. 19-asr boshlarida bazaltlarning vulkandan kelib chiqqanligi va vulkan hamda zil-zilalarda Yer ichki energiyasining ahamiyati aniklandi. P. tarafdorlari Yer yuzasi tarixida vulkan harakatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblaganlar (vulkanizm-katastrofizm tarafdorlari A. Gumboldt va L. Bux ham shu fikrda edilar). "Vulkanistlar" va "plutonistlar"ning ilmiy qarashlari bir-biridan farqlansada, ularning har qaysisi Yer tarixida ichki kuchlarning hal qiluvchi rolini tan olganlar va ular orasidagi ilmiy bahslashuvlar geologiya fanini rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil